Yangi Namanganda aholi uchun qulay muhit yaratilmoqda
FOTOREPORTAJ
Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida aholi turmush farovonligini oshirish, hududni obodonlashtirish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahallada 5 ming 286 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 1 ming 248 ta xonadon mavjud. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, ijtimoiy ob’ektlarni barpo etish bo‘yicha loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Yangi Namangan mahallasida aholi bandligini ta’minlash ham ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Hokim yordamchisi tashabbusi bilan “Oson ish” platformasi orqali bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinib, ish izlovchilarning kasbiy ko‘nikmalari va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda ularning doimiy ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashilmoqda.
Mahallada ijtimoiy xodim tomonidan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muammolarini o‘rganish va manzilli yordam ko‘rsatish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Xonadonbay o‘rganishlar davomida fuqarolarning ijtimoiy ahvoli, muammo va ehtiyojlari tahlil qilinib, har bir murojaat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy xizmatlarga muhtoj fuqarolarga davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan tushuntirishlar berilib, zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
[gallery-30418]
Mahallada aholiga psixologik xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida psixolog xonasi tashkil etilgan. Unda fuqarolar bilan uchrashuvlar, suhbatlar va maslahatlar muntazam o‘tkazilib, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, turli hayotiy muammolarga duch kelgan fuqarolarga psixologik yordam ko‘rsatish hamda nizoli vaziyatlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, mahallada sog‘lomlashtirish yo‘lakchalari, zamonaviy kutubxona, otalar choyxonasi, bankomatlar, umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkiloti aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA