Yangi bino — yangi imkoniyatlar
Bolaning kulgisi yangragan maskanda kelajakning eng ezgu orzulari kamol topadi. Shu bois mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, har bir bola uchun zamonaviy va munosib sharoit yaratish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ham bu boradagi ezgu ishlar izchil davom etmoqda.
Tumandagi “Oqgul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 18-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining mukammal ta’mirlangan binosi hamda yangi qo‘shimcha binosi foydalanishga topshirildi.
Bu oddiy bir binoning ochilishi emas. Bu — yuzlab ota-onalarning ko‘ngliga xotirjamlik, bolajonlarning qalbiga quvonch, hududning ertangi kuniga ishonch bag‘ishlaydigan muhim voqeadir.
Mazkur ta’lim tashkiloti Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida 4,2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan mukammal ta’mirlandi.

Shu bilan birga, bolalar uchun 90 o‘ringa mo‘ljallangan yangi qo‘shimcha bino barpo etildi.
Eng muhimi, endi tarbiyalanuvchilar uchun yorug‘ va shinam xonalar, zamonaviy ta’lim-tarbiya muhiti, xavfsiz va qulay shart-sharoitlar mavjud. Bu esa kichik qalb egalarining ilk bilim va ko‘nikmalarini puxta egallashi, qobiliyat va iste’dodini erkin namoyon etishi uchun keng imkoniyat demakdir.
Bugun mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor zamirida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning yosh avlod tarbiyasi va ta’limiga daxldor tashabbuslari mujassam. Darhaqiqat, ta’limga kiritilgan har bir sarmoya — kelajakka kiritilgan sarmoyadir. Bugun bolalar uchun qurilayotgan zamonaviy bog‘cha va maktablar ertaga bilimli, dunyoqarashi keng, Vatan taqdiriga daxldor avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
G‘ijduvondagi ushbu yangi majmua ham davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash, bolalarga munosib ta’lim va tarbiya berish, ayniqsa, qishloq hududlarida zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish siyosatining hayotdagi amaliy ifodasidir.

Yangi majmuaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda tuman hokimligi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, ta’lim tashkiloti xodimlari, ota-onalar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda ta’lim va tarbiya sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ahamiyatini alohida qayd etishdi.
Nuroniylar esa bugungi osuda va farovon hayot, farzandlar uchun yaratilayotgan beqiyos imkoniyatlar, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga samimiy tilaklar bildirishib, duolar qilishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri