Jazoni ijro etish tizimidagi islohotlar samara bermoqda
Yangi O‘zbekistonda jazoni ijro etish tizimini isloh qilish, sohada inson huquqi va erkinligini ta’minlash, mahkum hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslar uchun munosib shart-sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, balki sohaga ilg‘or raqamli yechim, xalqaro standart joriy etishga ham qaratilgan.
Ayni jarayonda ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jazo turlarini qo‘llash amaliyotini bosqichma-bosqich qisqartirish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan alohida-alohida ishlashni kuchaytirish, penitensiar muassasalar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari muhim ahamiyat kasb etadi.
2017-yildan hozirgi kunga qadar mahkumlarning qonuniy huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini yanada takomillashtirishga qaratilgan 11 qonun, Prezidentning 2 farmoni, 7 qarori, hukumatning 20 dan ziyod qarori va farmoyishi, 20 dan ko‘p boshqa me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Xususan, 2017-yil 11-avgustdagi “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, 7 ustuvor yo‘nalish belgilanib, mahkumlar huquqi doirasi kengaytirildi. Jumladan, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash, mahkumlarda qonun talabi va jamiyatdagi xulq-atvor qoidasiga rioya etish madaniyati, bilim va ma’naviy-axloqiy saviyani oshirishga intilishni shakllantirishga qaratilgan qayta tarbiyalash va axloqan tuzatish jarayonini takomillashtirish, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan shaxslar ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorlikni ta’minlash, mehnat bozorida talabgir kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
2019-yil 14-martdagi Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, endilikda mahkumlarga quyidagi qulayliklar yaratildi:
psixologik yordam olish huquqi;
tibbiy yordamga muhtojlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy muassasalariga joylashtirishga ruxsat;
og‘ir kasallikka chalinganlarga telefon orqali qo‘shimcha so‘zlashish, shifokor ruxsati bilan uchrashishga ruxsat;
mahkum tomonidan ruhiy holati buzilgan vaqtda sodir etilgan tartibbuzarlik uchun intizomiy jazo chorasi qo‘llamaslik.
Mahkumlar ish haqidan ijtimoiy sug‘urta ajratilmasligi belgilanib, pensiya tayinlandi, yopiq turdagi koloniyada mahkumning telefon so‘zlashuvi, yo‘qlov va uchrashuv olishi ikki barobar ko‘paytirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-apreldagi “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar uchun umumiy ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, jazo muddatini o‘tayotganlar ta’lim olishi va kasb-hunar egallashi bo‘yicha huquqiy kafolat mustahkamlanib, “Usta-shogird” maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mahkumlar huquqi, erkinligi va qonuniy manfaati ishonchli himoya qilinishi hamda jazoni ijro etish tizimida mahkum shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlash borasida 2020-yil 30-iyunda “Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlar huquqi va qonuniy manfaati ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, jazo muddatini o‘tash davomida mahkum shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirildi, mahkumga nisbatan jismoniy kuch va maxsus vosita asossiz qo‘llanishining oldi olindi, mahkum va uning yaqin qarindoshlariga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida qisqa muddatli uchrashuv, video uchrashuv va telefon orqali so‘zlashuvni o‘zaro almashtirish tartibi joriy etildi, voyaga yetmagan mahkumga ota-onasi bilan uchrashuvga nisbatan cheklov olib tashlandi, mahkuma ayollar huquqi va erkinligini yanada kengaytirish hamda tashqarida, bolalar uyida tarbiyalanayotgan farzandlari bilan uchrashishini tartibga solish borasida voyaga yetmagan farzand bilan uchrashuvning alohida tartibi belgilandi.
2023-yil 15-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlar huquqi va qonuniy manfaatini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun va Jinoyat-ijroiya kodeksiga qator o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum muassasada ishlagan davrni umumiy mehnat stajiga qo‘shish orqali unga kelgusida pensiya olish imkoni yaratildi. Mahkum huquqi xalqaro standartga muvofiqlashtirib, unga surdo-tarjimon xizmatidan foydalanish, mahkumga nisbatan qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayri insoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turi qo‘llanishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlandi. Xalqaro standart va tajribadan kelib chiqib, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan mahkumning yashash maydoni 2,5 kvadrat metrdan 3 kvadrat metrga oshirildi. Shunday shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar-joyni maxsus vosita va moslama (pandus)lar bilan jihozlash belgilandi. Mahkum tuzalish yo‘liga o‘tganini baholovchi aniq mezon belgilash orqali unga adolatli rag‘batlantirish chorasi qo‘llanishi belgilandi.
Mahkumlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularning huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatiga rioya etish, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasini qabul qilish borasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksining 5-moddasiga muvofiq, ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lmagan va nisbatan yengil jinoyati uchun jazo o‘tayotgan mahkumga ilk bor saylov huquqi berildi.
Bundan tashqari jazoni ijro etish muassasalaridagi yosh mahkumlarni zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitish, ozodlikka chiqqandan so‘ng ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish, bandligini ta’minlash, kelgusida takroran jinoyat sodir etishining oldini olish hamda jamiyatga muvaffaqiyatli integratsiya qilish maqsadida qabul qilingan Prezidentning “Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy kasbga o‘qitishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, jazoni o‘tayotgan yoshlarni o‘z dunyoqarashiga ega bo‘lgan va mustaqil fikrlaydigan shaxs sifatida shakllantirish, tasdiqlangan o‘quv dasturlari doirasida jazo o‘tayotgan yoshlar sifatli bilim olishi va zamonaviy raqamli kasbga ega bo‘lishini ta’minlash va zamonaviy raqamli kasblarni egallashi uchun jazoni o‘tayotgan yoshlarni zarur darajada xorijiy (ingliz, rus, xitoy va boshqalar) tillarga o‘qitish, jazodan ozod etilgandan so‘ng ularni jamiyatga integratsiya qilish maqsadida mehnat bozorida talabgir kasblarni egallashi uchun yoshlarda mehnat qilish ko‘nikmasini shakllantirish va mustahkamlash hamda jazo o‘tayotgan yoshlarni kasbga yo‘naltirish orqali individual rivojlantirish, ularda jamoada ishlash va muloqot madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish asosiy maqsad qilib belgilandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi yurtimizdagi har bir o‘g‘il-qiz, har qanday vaziyatda e’tibordan chetda qolmasligining yorqin ifodasi ekani e’tirof etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash va xalqaro huquq me’yoriga keltirish maqsadida JIEMda mahkum yashaydigan umumiy turar-joy bosqichma-bosqich xona (kubrik) tipida qayta qurilmoqda.
Zamonaviy va xalqaro standartga to‘liq javob beradigan tergov hibsxonalari barpo etilyapti. Jumladan, markaziy tergov hibsxonasida yangi bino foydalanishga topshirilishi bilan bir necha muammo yechim topdi:
– advokatlar xonasi 19 tadan 50 taga, tergov xonalari 6 tadan 25 taga ko‘paytirildi;
– Adliya vazirligi hamda Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda “Ye-advokat” platformasi orqali advokatlarga himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashuv vaqtini onlayn shaklda belgilash imkoni yaratildi;
– onlayn sud xonalari 4 tadan 11 taga yetkazilib, tergov va sud jarayonini masofaviy amalga oshirish imkoniyati kengaytirildi;
– har bir muassasada onlayn shaklda notarial xizmat amalga oshirish imkoni yaratildi;
– hibsxonada saqlanayotgan shaxsning yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalari 14 tadan 36 taga yetkazildi;
– “Ye-Mahkum” platformasi yagona axborot muhitiga integratsiya qilinishi natijasida 25 tashkilot bilan ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Sud va tergov idoralari bilan yozishmani elektron tizim orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
– muassasaning nazorat-o‘tkazish tizimi to‘liq avtomatlashtirilib, fuqaro, xodim va advokat uchun alohida kirish-chiqish yo‘lagi tashkil etildi, kundalik sun’iy navbat muammosi butunlay hal etildi;
– tergov hibsxonalarida voyaga yetmaganlar va bolali ayollar uchun alohida kameralar ajratilib, xalqaro standart asosida jihozlandi;
– jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqinlariga qulaylik yaratish maqsadida posilka, banderol va yo‘qlovni elektron do‘kon orqali yuborish ishlari amaliy bosqichga o‘tdi.
Muassasa hududida tashkil etilgan sayilgoh, mahkumlar ehtiyoji uchun joriy qilingan “Raqamli do‘kon”, “M-billing”, “Video uchrashuv” tizimlari ishlash mexanizmi haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Bunday innovatsion yechimlar mahkum qonuniy huquqini ta’minlash, uning yaqinlari bilan aloqasini saqlab qolish hamda xizmatlardan foydalanish jarayonini zamonaviy formatga o‘tkazishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, respublikamiz bo‘ylab barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan jinoyat-ijro tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimizda inson huquqi, uning qonuniy manfaati, qadr-qimmatini yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qilayotgani nafaqat fuqarolarimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
A.Shodiyev,
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi
Jazoni ijro etish faoliyati
kafedrasi dotsenti