Yakkachiqirliklarning murojaatlari tinglandi
Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanidagi Yakkachiqir mahallasida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i sayyor qabuli o‘tkazdi.
Sayyor qabulda viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati, “mahalla yettiligi” hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Qabul davomida profilaktik hisobda turgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, nizoli oilalar bilan manzilli ishlash, huquqiy muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda bu borada “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.


Sayyor qabul davomida 30 nafardan ortiq fuqarolarning murojaati tinglandi, 10 ta murojaat joyida hal etildi, 10 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi, 20 nafar fuqaroga sayyor tartibda huquqiy va davlat xizmatlari ko‘rsatildi va o‘rganilishi talab etilayotgan holatlar bo‘yicha 6 ta murojaat ish yurituvga qabul qilindi.

– Yakkachiqir nafaqat viloyatimizning, balki mamlakatimizning eng chekka mahallalaridan biri hisoblanadi, – deydi fuqaro Ma’murjon Jumaboyev. – Aholi uchun viloyat markaziga borib uchrashish ma’lum mablag‘ va vaqt talab etadi. Adliya rahbarining mahallamizga o‘zi kelishi murojaatchilarning ovoragarchiligi va ortiqcha xarajatlarini kamaytirdi. Ko‘p masalalar shu yerning o‘zida hal bo‘ldi.
Qabul davomida fuqarolarga yangi qabul qilinayotgan qonunlar, imtiyozlar, subsidiyalar va o‘z huquqlarini himoya qilish yo‘llari bo‘yicha bevosita tushuntirishlar beriladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri