Poytaxtda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turmagan ota-onaning farzandi 1-sinfga qabul qilinmaydimi?
Ma’lumki, amaldagi qabul tartibida asosiy e’tibor bolaning maktabga biriktirilgan mikrohududiga qaratiladi.
Davlat maktablariga 1-sinfga qabul mikrohudud doirasida va mikrohududdan tashqarida ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, poytaxt maktablarida 1-sinfga qabul uchun aksariyat ota-onalardan poytaxtda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turganligi xususida ma’lumotnoma talab etilgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ota-onaning doimiy ro‘yxatda turishi hal qiluvchi mezonmi?
Bolalar umumta’lim maktabining 1-sinfiga 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
Toshkent shahrida 1-sinfga qabul jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkazilgan. 2026/2027 o‘quv yilida elektron qabul qamrovi ham kengaytirilgan bo‘lib, Toshkent shahridagi maktablar to‘liq onlayn qabul shakliga o‘tkazilgan. Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan va haqiqatda shu hududda yashaydigan oilaning farzandi o‘ziga biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashtiriladi. Elektron davlat xizmati ko‘rsatiladigan hududlarda ariza YAIDXP yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli elektron portali orqali beriladi. Qabul xizmati bepul.
Umumiy qoidaga ko‘ra, bolalar 1-sinfga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi. Qonunchilikda alohida tartib belgilangan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bundan mustasno. Elektron davlat xizmati joriy etilmagan hududlarda ota-ona yoki qonuniy vakil maktabga belgilangan tartibda murojaat qiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda o‘quvchining Toshkent shahridagi maktablarning boshlang‘ich sinflariga qabul qilinishi uchun ota-onalardan poytaxtda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turganligi borasida ma’lumotnoma talab etiladi. Mutaxassisga ko‘ra, bu tartib o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash uchun joriy etilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA