Davlatimiz tomonidan tibbiyotchilar, shifo maskanlari, klinikalarga xalqqa adolatli, xolis xizmat qilsin deya, keng imkoniyatlar berilmoqda.
Ammo yurtimizdagi xususiy klinikalar nechog‘lik xalq manfaatlari uchun xizmat qilyapti?
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga aynan xususiy klinikalardagi narx-navo, tashxis qo‘yish masalasida qiyinchiliklarga uchrayotgan fuqarolardan murojaatlar tushgan.
NAVBATSIZ KO‘RIK...
Odil Hamdamov turmush o‘rtog‘ini Sergeli tumanidagi “Global medical center” klinikasiga shifokor ko‘rigiga olib borgan, shifokor maslahati uchun oldindan 110 000 so‘m ham to‘lagan. Ko‘rik uchun ancha vaqt navbat kutishgan, ammo kutilgan vaqt kelganida, shifokor o‘z tanishini navbatsiz ko‘rikka olib kirib ketgan. Holatdan norozi bo‘lgan O. Hamdamov shifokor maslahati uchun to‘lagan pulini qaytarib berishlarini so‘ragan, lekin klinika pulni qaytarishdan bosh tortgan. Holatni Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi xodimlari o‘rgangach, uning shifokor maslahati uchun to‘lagan puli qaytarib olib berilgan.
NOTO‘G‘RI TASHXISLAR...
Yana bir murojaatchi Avazjon Xolboyevga Guliston shahridagi “Ravshan davolash maskani” klinikasi shifokorlari kasallik tashxisini qo‘ygan, biroq tashxis noto‘g‘ri chiqqan. Shuningdek, Mubina Odilxo‘jayeva ham “Doctor D” klinikasida davolanib, 40 million so‘m atrofida pul sarflaganini, ammo tibbiy muolajalardan ham, xizmat ko‘rsatish sifatidan ham noroziligini bildirgan. Bu kabi iste’molchilarni qiynayotgan muammolarni federatsiya xodimlari imkon qadar hal etmoqda, biroq murojaatlar soni talaygina.
Barcha sohalarda xususiy sektorning rivojlangani yaxshi. Raqobat muhitidagina rivojlanish bo‘ladi, lekin bugun xususiy klinikalar xizmatidan hamma ham foydalana olmas ekan, ulardagi narx-navo aholining barcha qatlamiga to‘g‘ri kelmas ekan, muammolar yuzaga kelaveradi. Aslida xususiy klinikalar, ularda olinadigan tahlillar, tashxis va shifokor maslahati uchun qo‘yiladigan narx-navolar nazorati kimda, qaysi tashkilot javobgar?
Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy klinikalar ko‘rsatayotgan tibbiy xizmatlar sifati va narxini kuzatadimi? (Ma’lum normativ-hujjatlar asosida narxlar belgilanar ekan) biroq belgilangan narxlar nazoratdami? Savollar bisyor, javob berishga kelganda esa aniq javob ololmaysiz. Turli xususiy klinika va shifoxonalarda bitta xizmat turiga narxlar ham turlicha, solishtirganda juda katta tafovut mavjud. Poytaxtdagi, viloyat markazlari va tumanlardagi xususiy klinikalar narxlarini solishtirsangiz, hayratingiz oshadi...
BEMORLAR "PUL" MANBAIMI?
Homilador ayollar har oy tahlil topshirishi, ultratovushli diagnostikadan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Shifokor jo‘natgan klinikaga emas, arzonroq yoki o‘ziga qulayroq boshqa klinikada shu tekshiruvlardan o‘tib kelsa, bu tekshiruvlarni tan olmaydigan shifokorlar ham uchrayotgan ekan. Shifokorlarimiz ham xoh davlat shifoxonasi bo‘lsin, xoh xususiyda faoliyat yuritishsin, bemorlarga “pul manbai” sifatida emas, yaqinlari uchun hayoti qadrli bo‘lgan inson sifatida qarashganida, chin ma’noda insonlarga hamdard bo‘lardi!
Samimiy xalqimizni sodda ko‘rib, bemor bo‘lsa, har nedan davo, najot izlayotganidan foydalanib, pul topish, yolg‘onlarga ko‘mish tajovuz bilan barobar emasmi?
Bugun malakali shifokorlar uchun ham xususiy klinikalarda faoliyat yuritish qulay. Birinchidan, oylik-maosh masalasi bo‘lsa, ikkinchidan ularda yaratilgan sharoitlar. Bu esa insonlar o‘z ishining ustasi bo‘lgan shifokorlarni izlab, ular faoliyat yuritayotgan xususiy klinikalarga murojaat qilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois bu tizimda nazoratni yo‘lga qo‘yib, adolatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash lozim. Demak, dolzarb vazifalarni ertaga qoldirib bo‘lmasligini unutmaylik!
Gulnoza Sharafova,
jurnalist