Tibbiy xizmatlar narxlari nega qayta ko‘rib chiqilmoqda?
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026-yil aprel oyidan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar narxlarining qay darajada asosli shakllangani o‘rganilmoqda.
Joriy yilning may oyiga qadar 8 ta respublika va hududiy ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan tahlillar davomida ayrim holatlarda tariflarni belgilashda amaldagi talablarga to‘liq amal qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, kardiologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, endokrinologiya, xirurgiya, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, ona va bola salomatligi hamda dermatovenerologiya markazlarida xizmat narxlari shakllanish jarayonlari o‘rganildi.

Dastlabki tahlillarda ayrim xizmatlar qiymatida iqtisodiy jihatdan yetarli asoslanmagan xarajatlar yoki belgilangan tartibdan chetlashish holatlari kuzatilgan.
Shu munosabat bilan mazkur markazlarga tariflarni amaldagi qoidalar asosida qayta shakllantirish va narxlarni maqbullashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, bu kabi o‘rganishlar aholi uchun tibbiy xizmatlar narxining asossiz oshishining oldini olish, adolatli narx siyosati va tizimda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, tahlillar yakuni bo‘yicha sohada tarif siyosatini yanada takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqilib, vakolatli davlat organlariga kiritiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA