Qadim va boy tarixga ega O‘zbekistonda tarixiy obida, ziyoratgoh va madaniy yodgorliklar juda ko‘p.
Ular xalqimizning o‘tmishini o‘zida mujassam etgan milliy qadriyatlarimiz namunasi, xalqimizning bebaho mulki hisoblanadi. Ana shunday maskanlardan biri Paxtaobod tumanidagi “Xovuskon ota” ziyoratgohidir.
Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, viloyatda 422 ta tarixiy va madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatga olingan. Ulardan 221 tasi arxeologik, 74 tasi me’moriy yodgorliklar, 42 tasi monumental san’at yodgorliklari, 85 tasi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlar hisoblanadi.
Paxtaobod tumani Uchko‘za qishlog‘ida joylashgan “Xovuskon ota” ziyoratgohi qadimiy yodgorliklardan biri sanaladi. Bu yerda qator arxeologik tepaliklar, shifobaxsh buloqlar mavjud. Mutaxassislar tarixiy-arxeologik manbalarga ko‘ra, Xovuskon tepaliklari tarixi eramizdan avvalgi ming yilliklarga borib taqalishini qayd etgan. “Miyon Rudon” (ikki daryo oralig‘i), Norin va Qoradaryo oralig‘idagi qadimiy shaharlardan biri bo‘lganligi ta’kidlanadi.
[gallery-6603]
Hozirda saqlanib qolgan maydoni 7-8 gektarni tashkil etadi. 1960-1970 yillarda tepaliklarda arxeologik tadqiqot ishlari va izlanishlar olib borilgan. Eng baland tepalikdagi g‘or islomdan avval otashparastlarning muqaddas ibodatxonasi yoki yong‘indan talofat ko‘rgan ulkan qal’a inshootlaridan biri bo‘lgan deya taxmin qilinadi. Ikki daryo oralig‘idagi barcha shaharlar kabi Xovuskon tepaliklari o‘rnida bo‘lgan shahar ham o‘rta asrlarga kelib o‘zaro urushlar, tabiiy ofatlar natijasida vayronaga aylangan. Keyinchalik tepaliklar va shaharning asosiy qismi qabristonga aylangan.
Bu maskandagi mineral va mikroelementlarga boy shifobaxsh buloq suvlari inson jismini poklaydi, ko‘p dardlardan xalos etishi haqida rivoyatlar bor. Ana shu shifobaxsh buloqlar tufayli qadimiy shahar xarobalari orasida muqaddas ziyoratgoh yuzaga keldi. “Xovuskon ota” ziyoratgohi hozirda madaniy meros ob’ekti sifatida davlat muhofazasiga olingan va viloyat sayyohlik yo‘nalishiga kiritilgan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA