Muammolar yechimiga oid amaliy uchrashuv
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi xayrli an’anaga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tadbirkorlar kuni arafasida o‘tkaziladigan tadbirkorlar bilan oltinchi ochiq muloqotiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ishbilarmon yurtdoshlarimizning murojaatlari, muammolari va takliflarini atroflicha o‘rganish maqsadida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 15-maydan boshlab 15-avgustga qadar tadbirkorlar bilan uchrashuv hamda ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Aholi murojaatlari bilan ishlash davlat va xalq o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash hamda davlat organlari, bank va moliya tuzilmalari faoliyatining ochiqligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolarning muammolari o‘z vaqtida hal etilsa, ularning amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat idoralari faoliyati va qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi.

Tadbirkorlar va bank tizimi mutasaddilarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishi natijasida biznes vakillarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi. Bu esa tadbirkorlik faoliyatidagi to‘siqlarni tezkor bartaraf etishga xizmat qiladi. Shuningdek, biznes vakillarining kreditlar, imtiyozlar va turli muammolar yechimi bo‘yicha to‘liq ma’lumot olishi uchun muhim zamin yaratadi.
«O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati Andijon viloyati bosh boshqarmasi mutasaddi vakillari tomonidan Andijon shahri va Asaka tumanida aholi hamda tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan sayyor qabul samimiy, ochiq va shaffof muhitda, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
Muloqot davomida aholi va tadbirkorlar bilan joylarda uchrashib, ularning muammolarini o‘rganish, odamlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarga yechim topish borasida davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan amaliy mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Mazkur hujjatlar mamlakatimiz taraqqiyoti, yangilanish jarayonlari va aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.
Jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda mahallalarning o‘rni beqiyos ekani, ayniqsa, «Mahalla yettiligi» tizimi yoshlar bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va oilalar muammolarini o‘rganish hamda tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Shuningdek, «Kelajakka qadam» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan tashabbuslarning ahamiyati ham hayotiy misollar orqali tushuntirildi.
Muloqot davomida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, imtiyozli moliyaviy resurslar va mexanizmlardan samarali foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band bo‘lgan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishga oid talab va shartlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida aholi va tadbirkorlarning muammolarini hal etish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Usmonova, O‘zA