Xotira tadbiri va kitob taqdimoti o‘tkazildi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida marhum jurnalist, shoir va publitsist Mahmud Mardiyevning 70 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri va “Sokin qo‘ng‘iroq” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Xotira tadbirida marhumning oila a’zolari, do‘stlari, hamkasb va shogirdlari ishtirok etdi.
1956-yili Nurota tumanida tug‘ilgan M.Mardiyev 1982-yili Toshkent Davlat universitetini bitirgan. U “O‘zbekiston ovozi”, “Turkiston”, “Xalq so‘zi”, “Zarafshon” va “Do‘stlik bayrog‘i” gazetalarida ishlagan.
Mahmud Mardiyev nafaqat qalami o‘tkir ijodkor, balki so‘z mas’uliyatini chuqur his etgan, qalb kechinmalarini she’r orqali ifoda etishga intilgan inson sifatida ham ko‘pchilikning xotirasida saqlanib qolgan. Uning ijodiy merosi o‘z davrining ruhini, inson tuyg‘ularini, hayot haqiqatlarini va ma’naviy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan.
1990-yili “O‘zbekiston” nashriyotida uning “Olmoqning bermog‘i bor” publitsistik maqolalar to‘plami chop etilgan. She’rlari qator to‘plamlarga kiritilgan.
– Taniqli jurnalist va publitsist Mahmud Mardiyev haqida kasbdoshlar, qishloq ahli, ijodkorlar hali-hamon faxrlanib gapirishadi, – deydi shoir va tarjimon Vafo Fayzulloh. – Uning serqirra hayot va ijod yo‘li, oliyjanob fazilatlari, bebaho qobiliyati haqida ko‘p eslashadi. Oddiylik va odamiylik xislatlari sohibi bo‘lgan bu insondan keyingi avlodlarga yorqin xotira, ibrat olishga arzigulik jihatlar qolgan.
[gallery-31999]
“Sokin qo‘ng‘iroq” kitobi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Salima Umarova tashabbusi bilan chop etilgan. Kitobda M.Mardiyevning umri davomida yozgan she’rlari, sochmalari va maqolalarining eng saralari joy olgan va birinchi marta yaxlit holda chop etildi.
Тaдбiрдa so‘zga chiqqanlar M.Mardiyev haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi, u kishining she’rlaridan namunalar o‘qib berishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari