Samarqanddagi jahon sammiti Pokiston matbuoti e’tiborida
Pokistonning milliy APP (Associated Press of Pakistan) axborot agentligi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan "Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l" jahon sammiti yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Nashr tadbirda qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi hamda O‘zbekistonning bolalarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi tashabbuslarini yoritgan.
Nashrning qayd etishicha, 21-22-oktabr kunlari O‘zbekiston hukumati BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari va Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etgan ushbu nufuzli sammitda dunyo davlatlarining birinchi xonimlari, vazirlar, xalqaro tashkilotlar va jamoatchilik vakillari jam bo‘lgan. Qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasida bolalarni zo‘ravonlik va ekspluatatsiyaning barcha shakllaridan himoya qilish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan kengaytirish hamda ularning farovonligiga yo‘naltiriladigan investitsiyalarni ko‘paytirish kabi strategik vazifalar belgilab olingan.
Shuningdek, APP agentligi O‘zbekiston Milliy ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning sammitdagi nutqiga alohida e’tibor qaratdi. U o‘z ma’ruzasida bolalarning bugungi kundagi xavfsizligi, salomatligi va qadr-qimmatini ta’minlash – ularning porloq kelajagini kafolatlash va himoya qilishning eng asosiy hamda ustuvor sharti ekanini qat’iy ta’kidladi.
Pokiston axborot agentligi o‘z maqolasida sammit doirasida Samarqand shahrida “Imkon” ko‘p tarmoqli markazining ochilishiga ham alohida e’tibor qaratgan.
Nashrning yozishicha, maktabgacha ta’lim, maxsus pedagogik yordam va tibbiy reabilitatsiya xizmatlarini o‘zida mujassam etgan ushbu zamonaviy markaz bolalarga kompleks ko‘mak ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Majmua tarkibidagi maktabgacha ta’lim bo‘limi 150 nafar bolaga mo‘ljallangan bo‘lib, ularning sifatli ta’lim va tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Markazning ambulator bo‘limi esa har oyda 100 nafarga yaqin bolaga yuqori malakali reabilitatsiya va maxsus pedagogik xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
D.HAKIMOV,
O‘zA