FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida “O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikni ta’minlashning huquqiy asoslari” mavzuida anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab 25 noyabr – 10 dekabr kunlari “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi o‘tkazilmoqda.
Ushbu harakat doirasida O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan tashkil etilgan anjuman O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va fuqarolar o‘rtasida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish bo‘yicha axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish maqsadiga qaratildi.
[gallery-4938]
Tadbirda mamlakatimizda inson manfaatlari ustunligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar zamirida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquqlarini teng himoya qilish, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani alohida ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha ishlar bir necha yo‘nalishda olib borilmoqda. Jumladan, ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini rivojlantirish, aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotida ularga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me’yorlar asosida o‘qitish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanganidek, ushbu chora-tadbirlar natijasida davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotining kengayishi, gender nomutanosiblik mavjud bo‘lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan, ayniqsa qishloq joylaridagi oilalarda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, munosib mehnat sharoitini yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, o‘zini o‘zi band qilishiga erishiladi. Muhimi, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan turli ko‘rinishlardagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldi olinib, salbiy qarashlarga barham beriladi.
Kamola YUSUPOVA, Oqil G‘ULOMOV(surat), O‘zA