Xotin-qizlar huquqlari — e’tibor markazida
Xalqaro ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta turli shakldagi zo‘ravonlikka duch keladi. Mutaxassislar bunday holatlarning oldini olishda huquqiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish hamda erta profilaktika va ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi.
O‘zbekistonda ham xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Xususan, so‘nggi yillarda qabul qilingan qonun hujjatlari asosida zo‘ravonlikka uchragan shaxslarni himoya qilish, ularga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Respublikaning barcha hududlarida maxsus ishonch telefonlari va reabilitatsiya markazlari faoliyat yuritib, jabrlangan ayollarga bepul maslahat va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu esa jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda muhim qadam hisoblanadi.

Ana shu dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida mas’ul mutasaddilar tomonidan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning jismoniy, ruhiy, iqtisodiy va psixologik kabi turlari, uning kelib chiqish sabablari hamda salbiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, bunday holatlar nafaqat shaxs salomatligiga, balki oila barqarorligi va jamiyat taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, jabrlangan shaxslarga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari yuzasidan ham atroflicha tushuntirish ishlari olib borildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
Tadbir yakunida zo‘ravonlikka qarshi kurashishda ta’lim muassasalarining o‘rni alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Xususan, yoshlar orasida sog‘lom munosabatlar madaniyatini shakllantirish, huquqiy bilimlarni oshirish va tenglik tamoyillarini targ‘ib etish orqali kelgusida bunday salbiy holatlarni kamaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA