Xorijliklarning O‘zbekistondagi mehnat faoliyatiga oid qonunchilik takomillashtirilmoqda
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni yanada tartibga solish, noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olish hamda migratsiya sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun loyihasi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, loyiha bilan chet el fuqarolari yoki doimiy ravishda boshqa davlatlar hududida yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi buzilgan taqdirda ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Agar mazkur huquqbuzarlik takroran sodir etilsa yoki belgilangan jarima to‘lanmasa, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish hamda muayyan muddatga mamlakatimizga kirish huquqini cheklash choralari qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, mazkur toifadagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqadigan sudlar va vakolatli davlat organlarining vakolatlari ham aniqlashtirilmoqda.
[gallery-30582]
Muhokamalarda fraksiya a’zosi Zuhriddin Mavlonov loyihada nazarda tutilayotgan ayrim normalar huquqni qo‘llash amaliyotida qanchalik samarali ishlashiga oid savolni o‘rtaga tashladi. Jumladan, deputat chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning mamlakatimiz hududida tasdiqnoma olmasdan yoki amal qilish muddati tugagan tasdiqnoma asosida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishiga qarshi ekanini ma’lum qildi. Xalq vakili bu kabi huquqbuzarlik uchun ta’sir chorasi faqatgina ish beruvchiga nisbatan qo‘llanilishi maqsadga muvofiqligini bildirdi.
Qizg‘in muhokamalarda deputatlar mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olish, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash hamda migratsiya sohasida qonun ustuvorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA