Chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnat tartibini buzganligi uchun javobgarlik belgilanadi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita raisi Odiljon Mamatkarimov boshqargan majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun bilan chet el fuqarolari yoki doimiy ravishda boshqa davlatlar hududida yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu ma’muriy huquqbuzarlik ular tomonidan takroran sodir etilganda yoki belgilangan jarima to‘lanmaganda ular O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi muayyan muddatga cheklangan holda mamlakatimiz hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuboriladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ushbu turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadigan sud va davlat organlarining vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutadigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibiga rioya etilishini ta’minlashga va noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olishga xizmat qilishiga e’tibor qaratdi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xorijiy tillardan o‘zlashtirilgan ba’zi tushunchalar va yuridik atamalarni davlat tilidagi muqobili bilan almashtirish orqali ularni yagona shaklga keltirishni nazarda tutadigan tuzatishlar kiritilmoqda.
Muhokama yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA