Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish: 2026/2027 o‘quv yili uchun o‘tish ballari tasdiqlandi
2026/2027 o‘quv yili uchun xorijiy hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalar uchun muhim yangilik e’lon qilindi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan maxsus sinovlar bo‘yicha o‘tish ballari rasman tasdiqlandi.
Mazkur tartib talabalarning bilim darajasini xolis baholash hamda davlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini ta’minlashga qaratilgan. Endi o‘qishni ko‘chirishni rejalashtirayotgan talabalar belgilangan minimal ball talablarini inobatga olishlari zarur.
Eng yuqori o‘tish balli huquq sohasida belgilanib, u 165 ballni tashkil etdi. Bu huquqshunoslik yo‘nalishida yuqori raqobat va tayyorgarlik talab etilishini anglatadi.
Shuningdek:
Siyosatshunoslik – 140 ball;
Xalqaro munosabatlar – 140 ball;
Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar – 140 ball;
Sog‘liqni saqlash – 132 ball;
San’at, ijtimoiy fanlar, jurnalistika, biznes va boshqaruv – 105 ball;
Transport xizmatlari – 104 ball;
Ta’lim, gumanitar fanlar, tillar, atrof-muhit, matematika va statistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ijtimoiy ta’minot – 94 ball;
Biologik fanlar, fizika va xizmat ko‘rsatish – 80 ball;
Muhandislik, ishlab chiqarish va arxitektura – 75 ball;
Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi, mehnat muhofazasi – 70 ball;
Veterinariya – 60 ball etib belgilandi.
Yana bir muhim jihat shundaki, xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalaridan respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos yoki turdosh bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Bu talab ta’lim dasturlari o‘rtasidagi muvofiqlikni ta’minlash va talabalarning ta’lim jarayonini muvaffaqiyatli davom ettirishiga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘tish ballarining aniq belgilanishi talabalar uchun ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, o‘qishni ko‘chirish jarayonini yanada adolatli tashkil etishga xizmat qiladi. Shu bois o‘qishini ko‘chirishni rejalashtirayotgan talabalar hujjat topshirishdan avval o‘z ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish ballari va talablar bilan sinchiklab tanishib chiqishlari tavsiya etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA