Xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat universitetlariga o‘qishni ko‘chirish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekistonda xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalarning davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha yangi tartib belgilandi. Bu bo‘yicha Hukumatning 2026-yil 11-iyundagi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan “Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Yangi tartibga ko‘ra, ushbu jarayon bo‘yicha vakolatli davlat organi etib Bilim va malakalarni baholash agentligi belgilangan.
Talabalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP), Agentlikning maxsus elektron platformasi yoki davlat xizmatlari markazlari orqali ariza topshirishlari mumkin.
Agar talab etilgan hujjatlar yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa, taqdim etilgan ma’lumotlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlansa, belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan bo‘lsa ariza rad etiladi.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar har yili 15-iyuldan 6-avgustga qadar ko‘rib chiqiladi. Shu muddat ichida arizani qabul qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Qabul qilingan qaror to‘g‘risida ariza beruvchiga YAIDXP yoki maxsus elektron platforma orqali xabarnoma yuboriladi.
Shuningdek, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan imtihon natijalari QR-kodli shaklda rasmiylashtirilib, imtihonlar yakunlanganidan so‘ng bir hafta ichida talabalarga yetkaziladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi reglament o‘qishni ko‘chirish jarayonining shaffofligi va yagona tartib asosida amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA