Joriy yilning 16-17 may kunlari Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universiteti “Xorijiy tillarni o‘qitishning dolzarb muammolari va o‘qitishga zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanga mezbonlik qildi.
Anjumanning asosiy maqsadi xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion yondashuvlarni joriy etish, ilmiy-metodik tajriba almashish va xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlashdir.

Ikki kunlik anjumanda Turkiya, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, amaliyotchi mutaxassislar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Balikesir universiteti (Turkiya), Tianzin xorijiy tillar universiteti (Xitoy), Amiti universiteti (O‘zbekiston) va boshqa nufuzli tashkilotlar vakillari o‘z ma’ruzalarida zamonaviy o‘qitish metodlari va raqamli ta’lim platformalarining samaradorligi yuzasidan mulohazalarini bayon qildi.

Tadbir doirasida 100 dan ortiq ilmiy maqola va ma’ruzalar taqdim etildi. Fikr va tajriba almashinuvi uchun samarali platforma yaratildi. Aniq amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Magistrant va doktorantlar o‘z tadqiqot ishlari bilan ishtirok etib, ilmiy salohiyatlarini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldilar. Shu’ba yig‘ilishlarida dars jarayonida qo‘llashga mo‘ljallangan uslubiy tavsiyalar va materiallar tayyorlandi.

–Anjumanning amaliy natijalari asosida bir qator istiqbolli tashabbuslar ham ilgari surildi, – deydi universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Fazliddin Sharipov. – Zamonaviy ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, xususan, multimodal resurslar, raqamli platformalar va CLIL kabi yondashuvlarni o‘quv jarayoniga to‘liq integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, xorijiy stajirovkalar, onlayn seminar va vebinarlar orqali o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirish zarurligi qayd etildi. Talabalarning til o‘rganishga qiziqishini kuchaytirish maqsadida mukofotlar, grantlar va xalqaro sertifikatlarga bog‘liq stipendiyalar joriy etish taklif etildi.
Guliston davlat universitetida tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman xorijiy til ta’limidagi zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, pedagogik tajriba almashish va xalqaro akademik muloqotni kengaytirishda muhim maydon bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri