Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
tijorat banklari tomonidan uy-joy sotib olish uchun kreditlarni moliyalashtirish tartibi;
ilmiy darajaga ega 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarning kredit olish uchun elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tish tartibi;
tijorat banklari tomonidan kredit oluvchilarga kredit ajratish hamda kreditning asosiy qarz to‘lovlarini kredit oluvchilar tomonidan qaytarish shartlari belgilab berilgan.
2026-yil 1-mayga qadar oxirgi 10 yillik reytingda, 2027-yildan boshlab esa har yili 10-yanvarga qadar xalqaro miqyosda tan olingan va O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (Times Higher Education) yoxud ARWU (Academic Ranking of World Universities) xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan reytingda yuqori 100 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlanadi hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Kredit Davlat byudjetidan har yili byudjet qonunchiligida belgilangan tartibda Vazirlikka ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Kredit Vazirlikning Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan maxsus hisobvaraqlariga ajratiladi.
Kredit reyting tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy darajaga hamda bankning ichki qoidalariga muvofiq to‘lov qobiliyatiga ega kredit oluvchilarga ajratiladi. Bunda:
kredit oluvchilar xorijiy oliy ta’lim tashkilotida o‘qishni yakunlab, ilmiy daraja berilgan kunda xorijiy oliy ta’lim tashkiloti reyting tashkilotlari ro‘yxatiga kirgan bo‘lishi talab etiladi;
kredit uy-joy sotib olish uchun har bir kredit oluvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 2 150 baravarigacha miqdorda o‘n yil muddatga beriladi;
Vazirlik byudjet qonunchiligida belgilangan tartibda Vazirlikka ajratilgan respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga kredit ajratish uchun 10 foiz stavkada depozit joylashtiradi hamda tijorat banklari tomonidan kredit oluvchilarga 14 foiz stavkada kredit ajratiladi;
kredit bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlari Vazirlik tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har oy uchun keyingi oyning 25-sanasiga qadar to‘liq qoplab beriladi;
ajratilgan kredit (asosiy qarz miqdori) kredit oluvchilar tomonidan bank bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq kredit rasmiylashtirilganidan keyingi oydan boshlab o‘n yil davomida har oylik to‘lovlar asosida qaytariladi;
Vazirlik har yil yakuniga qadar tijorat banklari tomonidan qaytarilgan kreditlarni Davlat byudjetiga qaytaradi;
kreditni ajratish bo‘yicha arizalar O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Mazkur Nizom nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida “PhD” va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajaga ega 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti ajratish tartibini belgilaydi.
O‘zA