Xorijda ilmiy daraja olgan mutaxassislarga ipoteka krediti beriladi
Mamlakatimizda ta’limga bo‘lgan e’tibor tom ma’noda yangi daraja kasb etmoqda. Buning isbotini soha xodimlariga yaratilayotgan imkoniyatlar negizida ham ko‘rish mumkin.
Ana shunday islohotlarning amaliy ifodasi sifatida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori bilan “Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston hududida birlamchi uy-joy bozoridan uy-joy sotib olish uchun BHMning 2 150 baravarigacha 10 yil muddatga har oyda qaytarish sharti bilan kredit ajratiladi. Kredit tijorat banki hisobidan yillik 14 foiz stavkada ajratiladi. Kredit oluvchi YAIDXP (my.gov.uz) orqali davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Kredit oluvchiga kredit, u quyidagi shartlarning barchasiga javob berganda ajratiladi:
– O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganda;
kredit olish uchun ariza bilan murojaat qilgan kunda 35 yoshdan oshmaganda;
– kredit oluvchi ushbu xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan reytingda yuqori 100 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganda;
– kredit oluvchining xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganligi haqidagi diplomi belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilinganda.
Kredit oluvchi ipoteka krediti ajratish bo‘yicha YAIDXP orqali quyidagilarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
– kredit olish to‘g‘risida ariza;
– kredit oluvchi tomonidan sotib olinadigan uy-joy bo‘yicha
qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma.
Tijorat banki 3 ish kuni ichida uning to‘lovga layoqatini o‘rganib, uy-joy sotib olish uchun unga ajratilishi mumkin bo‘lgan kredit miqdori to‘g‘risida bank xulosasini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi.
Bunda, kredit sotib olinadigan uy-joy qiymatining 80 foizidan oshmasligi lozim.
Sherbek Islomov, O‘zA