Xorijdan kelayotgan mablag‘larning 51,7 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartasiga tushgan
Raqamli moliyaviy xizmatlar aholi uchun xorijdan pul qabul qilish va valyuta ayirboshlash jarayonlarini tobora soddalashtirmoqda.
O‘zbekistonda aholining xorijdan mablag‘ qabul qilishi va valyuta operatsiyalarini amalga oshirishida raqamli kanallar ulushi sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu tendensiya aholining bank xizmatlaridan foydalanish madaniyati o‘zgarayotgani, masofaviy xizmatlarga talab ortib borayotgani va naqd pulsiz hisob-kitoblar infratuzilmasi kengayayotganini ko‘rsatadi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarim yilligida xorijdan jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 4,8 milliard dollari yoki 51,7 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartalariga P2P o‘tkazmalari orqali kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga oshgan.
Ya’ni, xorijdagi yurtdoshning O‘zbekistondagi oila a’zosi yoki boshqa jismoniy shaxs bank kartasiga mablag‘ yuborishi oddiy va ommalashgan moliyaviy xizmatlardan biriga aylanmoqda. Xorijdan mablag‘ kirib kelishida an’anaviy kanallar ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. Hisobot davrida xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali 4,3 milliard dollar, ya’ni jami tushumlarning 46,7 foizi kelib tushgan.
SWIFT tizimi orqali esa jismoniy shaxslarga 142 million dollar, ya’ni 1,6 foiz mablag‘ kelib tushgan. Shu tariqa, xorijdan aholiga kelayotgan mablag‘larning asosiy qismi ikki yo‘nalish — bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri P2P o‘tkazmalar va an’anaviy xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Raqamlashuv jarayoni faqat pul o‘tkazmalari bilan cheklanmayapti. Aholining valyuta oldi-sotdi operatsiyalarida ham masofaviy xizmatlar salmog‘i ortib bormoqda.
2026-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy shaxslarning valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining 7,5 milliard dollari yoki 39 foizi onlayn tarzda amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich bir yilda 27 foizga oshgan.
Qolgan operatsiyalarning 11,2 milliard dollari yoki 59 foizi valyuta ayirboshlash shoxobchalari, 404 million dollari esa 24/7 rejimida ishlovchi bankomatlar orqali amalga oshirilgan.
Bu raqamlar aholining valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda ham an’anaviy shoxobchalar bilan bir qatorda mobil ilovalar va boshqa masofaviy kanallardan faol foydalanayotganini ko‘rsatadi. P2P o‘tkazmalar va onlayn valyuta operatsiyalarining o‘sishi, avvalo, moliyaviy xizmatlarning tezkorligi va qulayligini oshiradi. Fuqaro bank filialiga bormasdan mablag‘ qabul qilishi, kartadan kartaga o‘tkazma amalga oshirishi yoki valyuta operatsiyasini masofadan bajarishi mumkin. Bu jarayon naqd pul aylanmasini qisqartirish, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini oshirishga ham xizmat qilishi mumkin.
Ayni paytda raqamli operatsiyalar hajmining ortishi bilan kiberxavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va shubhali operatsiyalarni aniqlash masalalari ham dolzarblashadi. Amaldagi tartiblarda banklar va to‘lov tashkilotlariga ayrim operatsiyalarni monitoring qilish va belgilangan holatlarda tegishli axborotni vakolatli organlarga taqdim etish majburiyatlari yuklangan. Jumladan, 2026-yilda bank kartalariga yirik miqdordagi mablag‘larning kirib kelishi va kartalardan yirik summalarning boshqa kartalarga o‘tkazilishi shubhali operatsiyalarni aniqlash mezonlari doirasida belgilangan.
Shu bilan birga, Markaziy bank P2P o‘tkazmalarda operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini joriy etish bo‘yicha ham ish olib bormoqda. Bu mexanizm raqamli to‘lovlarni yanada shaffoflashtirish va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish maqsadiga qaratilgan. Umuman, 2026-yilning birinchi yarim yilligidagi ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda aholining xorijdan mablag‘ qabul qilishi va valyuta operatsiyalarini amalga oshirishida raqamli moliyaviy xizmatlar allaqachon asosiy kanallardan biriga aylanganini ko‘rsatmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA