Minskda Namangan savdo uylari ochildi
Namanganlik yetakchi ishbilarmonlar tomonidan tashkil etilgan mazkur savdo uylarining ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda Minsk shahar ijro qo‘mitasi, hamkor vazirlik va idoralar vakillari, belaruslik hamkorlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga shu yil iyul oyida amalga oshirgan rasmiy tashrifi har ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni hududlararo aloqalar kesimida jadal rivojlantirishga keng yo‘l ochdi. Bu ayni kunlarda Namangan viloyati delegatsiyasining Belarusga amaliy tashrifi jarayonlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.


Mahalliy hokimlik, davlat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari iborat yurtimiz delegatsiyasi olib borayotgan muzokaralari natijasi o‘laroq, Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida namanganlik tadbirkorlarning uchta savdo uyi ochildi.


Bu joyda “Namanganda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida tekstil-trikotaj mahsulotlari savdo ko‘rgazmasi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, viloyat sanoati alohida o‘rin tutadigan “Art soft home” kompaniyasining eksportbop mahsulotlari barchada katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Tashrif davomida, Namangan delegatsiyasi Belarus Respublikasining vazirlik va idoralari mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, “Bellegprom” konserni mutasaddilari bilan uchrashuvda yengil sanoat yo‘nalishida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda Namangan tekstil mahsulotlarini Belarus bozoriga eksport qilish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etish joizki, “Bellegprom” yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni birlashtiradi. Birlashma tarkibiga 60 dan ziyod tashkilotlar kirib, ular to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sanoati yo‘nalishlariga bo‘linadi.
Bundan tashqari, Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi, Oziq-ovqat sanoati birlashmasi vakillari bilan muloqotlarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va ularni yanada rivojlantirish muhokama markazida bo‘ldi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif mobaynida Belarus Respublikasining Grodno viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Yuriy Karayev bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zaro muloqotda tomonlarning imkoniyatlari yuzasidan fikr-mulohaza almashilib, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, tadbirkorlik yo‘nalishlarida mustahkam hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishib olindi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha Namangan va Grodno viloyatlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Namangan delegatsiyasining Belarusga xizmat safari davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA