Xorijdagi vatandoshlar IT Park Uzbekistan faoliyati va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi
«Uz Global Think — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xorijdagi vatandoshlarning ilmiy va ekspertlik salohiyati» xalqaro forumi doirasida xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar uchun IT Park Uzbekistan’ga tashrif tashkil etildi.
Tadbirda xorijiy ilmiy va ekspertlik doiralari vakillari bo‘lgan vatandoshlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida mehmonlarga IT Park Uzbekistan’ning faoliyati, mamlakatda IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, startaplar ekotizimi hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Dastlab mehmonlarga IT Park Uzbekistan faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot va startaplar haqidagi promo-video namoyish etildi. Shuningdek, IT Park Uzbekistan Ijrochi direktori Jahongir Rajabov IT sohasi uchun yaratilayotgan sharoitlar va so‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng Startaplar oqimini rivojlantirish bo‘limi bosh menejeri Usmon Rahimjonov IT Park Uzbekistan’ning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, startaplar ekotizimi, yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar uchun mo‘ljallangan maxsus bonus tizimi va ambassadorlik dasturlari haqida taqdimot qildi.
Tashrif doirasida mehmonlar UZINFOCOM ko‘rgazmalar zaliga ham borib, elektron hukumat sohasida joriy etilgan raqamli yechimlar bilan tanishdi.
Tadbir yakunida xorijdagi vatandoshlar va IT Park Uzbekistan o‘rtasida kelgusida hamkorlikni rivojlantirish, ularning xalqaro tajribasi, professional aloqalari va ekspertlik salohiyatidan O‘zbekiston IT ekotizimini rivojlantirishda samarali foydalanish bo‘yicha qiziqish bildirildi.
Tashrif ishtirokchilariga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA