Gonkong bosh ijrochi rahbari IT Park Uzbekistan faoliyati bilan tanishdi
Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong Maxsus Ma’muriy Hududi bosh ijrochi rahbari Jon Li Ka-chyu boshchiligidagi biznes-delegatsiya O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlarga IT Park Uzbekistan faoliyati, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT xizmatlari eksportini kengaytirish, xalqaro texnologiya kompaniyalarini jalb qilish va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Shuningdek, IT Visa va Zero Risk dasturlari, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Delegatsiya a’zolariga raqamli davlat xizmatlari va elektron hukumat tizimini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar, jumladan, UZINFOCOM faoliyati, DMED, MyID biometrik identifikatsiya tizimi va MyGov yagona interaktiv davlat xizmatlari platformasi imkoniyatlari ham tanishtirildi.
Shundan so‘ng «Gonkong va O‘zbekiston o‘rtasida innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi taraqqiyot hamda hamkorlik imkoniyatlari» mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, venchur investitsiyalar va xalqaro bozorlarga chiqish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, zamonaviy raqamli ekotizimni shakllantirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ham taqdim etildi.

Jon Li Ka-chyu O‘zbekistonning raqamli sohada qisqa vaqt ichida erishgan natijalarini yuqori baholab, «Digital Uzbekistan – 2030» strategiyasi raqamli taraqqiyot uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. U raqamli Ipak yo‘lini shakllantirishda ikki tomonlama hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Tomonlar startaplarni rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilish, venchur moliyalashtirish, texnologik parklar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va startaplar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar, startaplar va investitsiyalar sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklari bildirildi.
Tashrif O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Nigora Rahmonova, O‘zA