Bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan ishlab chiqarish korxonalari soni yil sayin ortmoqda. Ayniqsa, to‘qimachilik sohasida. O‘z navbatida ushbu korxonalardagi texnologiyalarni tushunadigan va ularni ishlata oladigan ishchi xodimlarga bo‘lgan talab ham oshmoqda.
Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida joylashgan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi Qarshi tumani yengil sanoat kollejida dizayner va texnologlar tayyorlashda Germaniya tajribasidan foydalangan holda Xitoyning “LT Textile International” xorijiy korxonasi, “Cotton Road”, “Temurbek mega tekstil” MCHJlar bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimida ip yigiruvchi, texnik-texnolog, dizayner-konstruktor yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda xitoylik va turkiyalik tajribali mutaxassislar jalb etilgan holda tayyorlangan bitiruvchilar viloyatning 100 ga yaqin korxonasida faoliyat olib bormoqda. 78 nafar yosh hozirgi kunda ishlab chiqarish korxonalarida dual ta’lim asosida ta’lim olib, ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etmoqda. Ayni paytda mazkur kollejda hozirgi kunda 553 nafar talaba ta’lim olmoqda.

Ham o‘qib, ham ishlash. Bir qaraganda bu ikkisini birga olib borish biroz mushkuldek tuyuladi. Ammo aslida bunday emas, deydi kollejda dual ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilar.
– Dual ta’lim asosida yigiruv bo‘limida ham o‘qib, ham ishlayapman, - deydi Dilnoza Anvarova. – Oilamizga daromad ham olib kiryapman. Korxonada 4 kun ishlayman, ikki kun kollejda o‘qiyman. Ishim o‘zimga juda yoqadi. Tajribali mutaxassislardan ko‘p bilimlarni o‘rganyapmiz. Shu bois uskunalarni ishlatishda qiynalmayman.
Yirik korxonada ham o‘qib, ham ishlab kelayotgan Muhayyo Poyonova uchun ta’limdagi bu yo‘nalish unga katta imkoniyatlarni taqdim etdi. Kollejda olgan nazariy bilimlarini korxonada amalda qo‘llarkan, bu uning malakali mutaxassislardan biriga aylanishiga xizmat qilmoqda.
– Dual ta’limning afzalligi shundaki, biz ham o‘qiymiz, ham ishlayapmiz, – deydi D.Poyonova. – Tajribali mutaxassislardan nazariy bilimlarni olsak, korxonada bevosita ishlab chiqarish jarayonida qatnashamiz va o‘rganganlarimizni qo‘llaymiz. O‘z yo‘nalishim bo‘yicha ishlayotganimdan xursandman.

Chet el tajribasi asosida kollejda dizayner va texnologlar tayyorlanmoqda. Ishlab chiqarish korxonalaridagi malakali chet ellik mutaxassislarni jalb qilgan holda ushbu guruhlarda muntazam darslar tashkil etib kelinmoqda. Ahamiyatlisi, bugun dual ta’limni rivojlantirishda xorijlik mutaxassislarni jalb etish va ular tomonidan malaka darslarining o‘tilishiga e’tibor qaratilayotgani o‘quvchilarning sohani tezroq o‘zlashtirib olishlarida muhim rol o‘ynamoqda. Mazkur kollejda ham turkiyalik mutaxassislar tikuvchilik yo‘nalishida o‘z tajribalarini o‘rtoqlashib kelmoqda.
– Turkiyada 25 yildan beri tekstil sohasida faoliyat yuritib kelaman, – deydi turkiyalik mutaxassis Engin Bichar. – Ushbu yo‘nalishdagi tajribalarimizni o‘zbek qardoshlarimizga ham ulashishni, bu yerda ham tekstil sohasi bo‘yicha yaxshi mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilganmiz. Bu yerda hamma sharoit bor. Juda aqlli va yaxshi insonlar bor. Imkoniyatlar ham ko‘p. Fabrikalar juda yaxshi. Turkiyadagi butun texnologiyalar bu yerda ham bor. Ammo faqatgina yaxshi mutaxassislarni tayyorlash kerak, xolos. Albatta, buni ham birgalikda amalga oshiramiz, nasib etsa.

Bundan tashqari, yoshlarni xolis tanlov asosida saralangan holda 1 oydan 3 oygacha muddatga xorij davlatlariga yirik sanoat (yengil sanoat) korxonalarida tajriba va ko‘nikmalarini orttirish, ishlab chiqarish korxonalari hamda texnologik kompaniyalar imkoniyatlari o‘rganilib chiqilishi belgilab olingan.
An’anaviy ta’lim shaklida o‘quvchi ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni ko‘proq egallab, amaliyotni juda oz soatlarda korxona va tashkilotlarda o‘taydi. Rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tajribasidagi ham o‘qish, ham ishlashning bir vaqtda olib borish jarayonining bizda ham tatbiq etilayotgani o‘quvchilarni zamonaviy texnologiyalar va dastgohlarda o‘qish bilan bir vaqtda korxona, tashkilotlarda ishlash imkoniyatini bermoqda. Xususan, mamlakatimiz yengil sanoati va to‘qimachiligi yo‘nalishida tashkil etilayotgan yirik korxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlashda aynan mazkur yo‘nalish bugun alohida ahamiyat kasb etib kelmoqda.

– Bugungi kunda mamlakatimizda bir million tonna paxta tolasini qayta ishlash quvvatlari yaratildi, – deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi departamenti boshlig‘i Sodiq Boboqulov. – Bu jarayonlarni amalga oshirish uchun yuqori texnologiyali eng zamonaviy asbob- uskunalar bilan jihozlandi. Yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq quvvatda foydalanish uchun talabga javob beradigan mutaxassislar bilan ta’minlash ishlari lozim bo‘lyapti. Hozirgi kunda dual ta’limni tashkil etishning asosiy sababi ham shu. Ishlab chiqarishda o‘rnatilgan texnologik jarayonlardan to‘liq foydalanish, zamon talabiga mos mahsulot ishlab chiqarish. Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun davlatimiz rahbarining topshiriqlariga asosan mutaxassislarimizni dual ta’lim asosida jahon tajribasidan kelib chiqqan holda tayyorlash ishlarini amalga oshirmoqchimiz. Shu maqsadda Qarshi tumani yengil sanoat kollejida chet el tajribasi asosida dizaynerlar va texnologlar tayyorlanmoqda. Ushbu kollejimiz viloyatdagi yengil sanoat korxonalari bilan uzviy bog‘liq holda faoliyat olib boryapti. Shu kunga qadar “LT Textile International” xorijiy korxonasiga 26 nafar yigiruv texnologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlab yo‘naltirildi. Kollejga Turkiya davlatidan ham mutaxassislar jalb qildik. Ular yordamida kelgusida mahalliy mutaxassislar ham tayyorlanadi. Kelajakda Qashqadaryo tajribasi asosida boshqa viloyatlarda ham xuddi shunday dual ta’lim asosida o‘qitadigan kollejlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Nasib bo‘lsa, butun bir sohani yetuk mutaxassislar bilan ta’minlaydigan ta’lim tizimini yaratishni maqsad qilganmiz.
Dual ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dizayner va texnologlar tayyorlashda Germaniya tajribasidan foydalangan holda o‘quvchilar o‘qish bilan birga viloyatdagi yirik to‘qimachilik korxonalarida ish faoliyatini ham olib bormoqda. Shu bilan birga kollejda Turkiya, Pokiston, Hindiston, Xitoy, Bangladesh davlatlaridagi yirik korxonalarda malaka oshirish jarayonlarini tashkil etish mexanizmlari ham ishlab chiqilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri