Dual taʼlim — sanoat va taʼlim integratsiyasining yangi bosqiçi
Bugungi kunda sanoat tarmoqlarining jadal rivojlanişi, zamonaviy texnologiyalar va avtomatlaştirilgan boşqaruv tizimlarining keng joriy etilişi yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarga bölgan ehtiyojni yanada oşirmoqda.
Bu esa taʼlim jarayonini işlab çiqariş bilan uyğunlaştiriş, nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan mustahkamlaşni taqozo etmoqda. Şu jihatdan, dual taʼlim mehnat bozori talablariga javob beradigan, raqobatbardoş mutaxassislar tayyorlaşning muhim mexanizmi hisoblanadi.
Mamlakatimizda dual taʼlimni rivojlantirişning huquqiy asoslari yaratilgan bölib, 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan «Taʼlim töğrisida»gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi 163-son va 2025-yil 16-yanvardagi 14-son qarorlari uşbu tizimni rivojlantirişda muhim huquqiy asos bölib xizmat qilmoqda. Mazkur yönalişda Olmaliq davlat texnika instituti tomonidan ham taʼlim, ilm-fan va işlab çiqariş integratsiyasini kuçaytirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu borada institutning Angren şahridagi «Nişboş» kömir koni bilan yölga qöyayotgan hamkorligi alohida ahamiyatga ega. Korxonada Xitoyning ilğor texnologiyalari asosida yer osti usulida kömir qazib oliş, zamonaviy kon uskunalari, konveyer tizimlari, avtomatlaştirilgan boşqaruv va sanoat xavfsizligi mexanizmlarini joriy etiş böyiça loyihalar amalga oşirilmoqda. Bu esa talabalar uçun zamonaviy konçilik texnologiyalarini bevosita işlab çiqariş jarayonida örganiş imkoniyatini yaratadi.

Institutda Xitoyning “Henan Polytechnic University” professor-öqituvçilari hamda “Nişboş” kömir koni vakillari iştirokida ötkazilgan uçraşuv yakunida uç tomonlama Anglaşuv memorandumi imzolandi. Hujjat doirasida «Kömir resurslarini özlaştiriş va ulardan foydalaniş böyiça Xitoy–Özbekiston qöşma laboratoriyasi»ni taşkil etiş, ilmiy tadqiqotlar ötkaziş, ularning natijalarini işlab çiqarişga tatbiq etiş, şuningdek, konçilik, sanoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qiliş sohalarida malakali kadrlar tayyorlaş közda tutilgan.
Hamkorlikning yana bir istiqbolli yönalişi “Nişboş” kömir koni hududida institut kampusini taşkil etiş taşabbusidir. Uşbu kampusda zamonaviy öquv xonalari, laboratoriyalar, amaliy maşğulotlar maydonlari va talabalar uçun zarur şaroitlar yaratilişi rejalaştirilmoqda. Natijada talabalar nazariy bilimlarini işlab çiqarişda mustahkamlaş, korxona mutaxassislari bilan bevosita işlaş va kasbiy tajriba orttiriş imkoniga ega böladi. Professor-öqituvçilar esa sanoatdagi dolzarb muammolarni ilmiy örganiş va ularga amaliy yeçimlar işlab çiqiş imkoniyatini qölga kiritadi.
Dual taʼlimning asosiy ustunligi şundaki, talaba öqiş davridayoq kelajakdagi kasbiy faoliyatiga mos amaliy kompetensiyalarni egallaydi. Bu esa iş beruvçilarning kadrlarga bölgan ehtiyojini qondiriş, işlab çiqariş samaradorligini oşiriş va ilmiy işlanmalarni amaliyotga joriy etişga xizmat qiladi.

Şu maʼnoda, Olmaliq davlat texnika instituti, “Nişboş” kömir koni va “Henan Polytechnic University” örtasidagi hamkorlik taʼlim va işlab çiqariş integratsiyasining xalqaro tajribaga asoslangan istiqbolli namunasidir. Zero, bugun taʼlim va işlab çiqariş örtasida yaratilgan mustahkam hamkorlik ertaga sanoat tarmoqlarining barqaror rivojlanişi, malakali muhandis kadrlar va raqobatbardoş iqtisodiyotning muhim poydevoriga aylanadi.
ÖzA