Buxoroda “Qovun sayli” o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Buxoro shahridagi “Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab, milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni o‘zida mujassam etgan “Qovun sayli” tashkil etildi.
O‘ttizinchi bor o‘tkazilgan an’anaviy “Qovun sayli” mirishkor dehqonlar, fermerlar, tomorqa yer egalarining haqiqiy mahorat namoyishiga aylandi.
Ko‘p ming yillik tarixga ega qadimiy vohada asrlar osha shakllangan dehqonchilik madaniyati, xususan, polizchilik maktabi an’analari 1996-yildan buyon tashkil etib kelinayotgan “Qovun sayli” yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. “Ko‘kcha”, “Amiri”, “Novvoti”, “Bo‘rikalla”, “Kampirchopon”, “Dahbedi”, “Sherozi”, “Toshloqi”, “Gulobi”, “Barginay” kabi o‘ttizga yaqin bir-biridan xushxo‘r navli qovunlarning ta’mi va shirasi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
[gallery-31171]
Sayilda viloyatning barcha tumanidan kelgan 500 dan ziyod fermer xo‘jaligi va viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan tanti dehqonlarimiz mehnati mahsuli – 1 ming 500 tonna qovun-tarvuz shaharliklar dasturxoniga tortiq qilindi.
O‘z navbatida joriy yildan boshlab, festivalda uzumchilik sohasidagi ibratli tajribalar ham namoyish etilgani an’anaviy sayilning ko‘lami nechog‘li oshib borayotganligining amaliy tasdig‘idir.
Bundan tashqari, sayilda turli meva-sabzavotlar, asalarichilik mahsulotlari savdosi ham tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Aynan Mustaqillik yillarida yurtimiz tuprog‘i va tabiiy iqlim sharoitiga mos, unut bo‘lib ketgan qovun navlari tiklangani, sohaga yangi ilmiy asoslangan texnologiyalar joriy etilgani, ilg‘or dehqonlarning tajribasi ommalashtirilgani qayd etildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA