
Joriy yilning 19 fevral kuni Yangiariq tumanining Yangiariq mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyati ijtimoiy tarmoqlar va jamoatchilik o‘rtasida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik vakillari, mahalla ahli ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari va oqibatlari keng muhokama etildi.
Ming afsuski, qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq qotillik jinoyati bir insonning bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga olib keldi, 2 nafar shaxs esa og‘ir tan jarohati olgan.
Dastlab tuman prokurori jinoyat tafsilotlarini ochiqladi. Aytilishicha, Yangiariq mahallasida istiqomat qiluvchi 1954 yilda tug‘ilgan shaxs, oilaviy kelishmovchilik sababli, 1974 yilda tug‘ilgan o‘g‘lini uyida saqlab kelayotgan ov quroli bilan qasddan otib o‘ldirgan. Shuningdek, kelini va nevarasiga ham o‘q otib, og‘ir jarohat yetkazgan.
Ushbu jinoyat tergov-tezkor guruhi tomonidan qisqa muddatda fosh etilib, gumonlanuvchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozir dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat hokimi ushbu jinoyatning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar dastlabki tergov va sud organlari tomonidan batafsil o‘rganilishi, o‘z navbatida jinoyatlarning oldini olishga mas’ul bo‘lgan shaxslar hamda qotillik sodir etilgan Yangiariq mahallasi yettiligi faoliyatiga ham tanqidiy nuqtai nazardan baho berilishini aytib o‘tdi.
[gallery-21912]
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tumanda oila,turmush doirasidagi jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ov quroliga ega bo‘lgan shaxslar bilan huquqiy tushuntirish, nazorat- tekshiruv tadbirlarini qat’iy o‘tkazib borish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, profilaktik tadbirlarni yetarli darajada amalga oshirmagan mas’ul xodimlarning xatti-harakatlariga baho berish maqsadida xizmatga oid tekshiruv tayinlanganligi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda jinoyat sodir etilgan mahalla fuqarolar yig‘ini yettiligi tomonidan hududda olib borilgan targ‘ibot-tashviqot hamda profilaktik chora-tadbirlar, qolaversa, “mahallabay”, “xonadonbay” usulida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ularning hisobotlari tinglandi.
– Mazkur oila a’zolari bilan ko‘p marotaba suhbat o‘tkazganmiz, – deydi “Yangiariq” MFY raisi Otabek Nazariy. – Mahallamiz profilaktika inspektori bilan birga borib ov qurolini to‘g‘ri saqlash borasida ham juda ko‘p profilaktik tushuntirishlarni olib bordik. Mahallamiz uchun juda yomon holat bo‘ldi bu hodisa. Bu mudhish voqeaning asl sababchisi ichkilikdir. Spirtli ichimlikni me’yoridan ortiq iste’mol qilgan ota oila a’zolari bilan kelisholmay qolgan. O‘rtada janjal chiqib, mudhish qotillik jinoyati sodir bo‘lgan. Uch yildan buyon mahallamizda bironta jinoyat sodir etilmagan edi. Bundan keyin ham jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla yettiligi, faollar bilan birgalikda muntazam ishlaymiz.
Gumondorning qarindoshlari va qo‘ni-qo‘shnilari ham mazkur jinoyat yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kelgusida bu kabi mudhish jinoyatlarning oldini olish borasidagi takliflar tinglandi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur muhokamada ov quroliga ega bo‘lgan yangiariqlik shaxslarning ishtiroki ham ta’minlanib, ular bilan ham tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilishda tumanda jinoyatchilikka qarshi kurashning ahvoli, “Xavfsiz mahalla” konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan profilaktik tadbirlar, bu borada profilaktika inspektorlari va mahalla yettiligining mas’uliyatini oshirish masalalari tahlil qilindi, galdagi muhim vazifalar belgilib berildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari