Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologlari bronza davriga oid qabristonni aniqlashdi
Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologik ekspeditsiyasi dala tadqiqotlari davomida Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani hududida muhim kashfiyotni amalga oshirdi.
Ilgari noma’lum bo‘lgan va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bronza davriga mansub qabriston aniqlandi.
Topilmaning eng qiziq jihatlaridan biri dafn inshootlarining tuzilishi bilan bog‘liq. Yodgorlik hududida toshdan qurilgan yashiksimon 19 ta qabr qayd etildi. Qabrlardan g‘ujanak holda dafn etilgan jasadlar aniqlandi.

Dafn etilganlar bilan birga turli xil dafn anjomlari ham topildi. Ular orasida bronza buyumlar va munchoqlar bor.
Aniqlangan majmua Xorazmning qadimgi tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Chunki dafn yodgorliklari o‘sha davrdagi aholining madaniyati, dafn marosimlari va ijtimoiy qarashlari haqida qimmatli ma’lumot beradi. Shuningdek, turli hududlarda yashagan aholi o‘rtasidagi aloqalarni o‘rganishga ham yordam beradi.

Dafn marosimi va topilmalarning ayrim turlari dastlabki tahlil qilindi. Ularda Janubiy Qozog‘istonning Sirdaryo havzasi hududlarida aniqlangan dafn inshootlari bilan muayyan o‘xshashliklar borligi kuzatildi.
Bu o‘xshashliklar olimlarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Ular bronza davrida Markaziy Osiyoning turli hududlarida yashagan aholi o‘rtasida madaniy aloqalar va mushtarak an’analar bo‘lganidan dalolat berishi mumkin.

Shu bilan birga, yodgorlikning aniq sanasi va qaysi arxeologik madaniyatga mansubligi haqida yakuniy xulosa chiqarishga hali erta. Bu masala arxeologik materiallarni kompleks o‘rganishdan so‘ng aniqlashtiriladi.
Ayni paytda Akademiya mutaxassislari ekspeditsiya davomida topilgan materiallarni dastlabki qayta ishlash va hujjatlashtirish ishlarini olib bormoqda.
Kelgusida dafn inshootlari, antropologik materiallar va dafn anjomlarini batafsil o‘rganish rejalashtirilgan. Shuningdek, zarur laboratoriya tadqiqotlari ham amalga oshiriladi.
Tadqiqotlar natijasida yodgorlikning aniq sanasini belgilash imkoni paydo bo‘ladi. Shuningdek, uning Xorazm va unga tutash hududlardagi bronza davri arxeologik madaniyatlari tizimidagi o‘rni aniqlanadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA