Tosh davriga oid yangi arxeologik ob’ektlar va petrogliflar aniqlandi
Jizzax viloyatining Zomin tumanida olib borilgan arxeologik dala-qidiruv ishlari davomida tosh davriga oid bir qator yangi arxeologik ob’ektlar aniqlandi. Shuningdek, Sharof Rashidov tumani hududidan qadimgi qoyatosh suratlari majmuasi topildi.
Joriy yil sentabr oyida Madaniy meros agentligi hamda Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida arxeologik dala-qidiruv ishlari tashkil etildi.
Tadqiqotlar natijasida Zomin tumanining Achchi, Peshagor va Arja qishloqlari hududlarida tosh davriga oid yangi arxeologik ob’ektlar qayd etildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Achchi qishlog‘ining sharqiy qismida paleolit davriga, Peshagor qishlog‘ida esa neolit davriga oid makonlar aniqlangan. Achchi qishlog‘ining g‘arbiy qismi hamda Arja qishlog‘i hududlaridan ham neolit davriga mansub topilmajoylar aniqlandi.
Mutaxassislarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, bir hududning o‘zida paleolit va neolit davrlariga oid yodgorliklarning aniqlanishi Zomin vohasi hamda Turkiston tizmasining ushbu qismida qadimgi jamoalar uzoq tarixiy davrlar davomida yashaganini ko‘rsatadi.
Yangi topilmalar tosh davri jamoalarining hudud bo‘ylab tarqalishi, yashash muhiti va xo‘jalik faoliyatini o‘rganish uchun muhim ilmiy manba bo‘lishi mumkin.
Arxeologik qidiruvlar davomida Sharof Rashidov tumanining Ravot qishlog‘i hududida ham muhim topilma aniqlandi. Ravotsoyning chap sohilidan yangi qoyatosh suratlari majmuasi topildi.
Mutaxassislar tomonidan yettita slanets qoyatosh yuzasida 30 ga yaqin petroglif qayd etilgan. Ular orasida ovchi, tog‘ echkisi, qoramol, it, quyoshsimon belgilar hamda kamondan o‘q uzayotgan ovchi tasvirlari mavjud.
Dastlabki tahlillarga ko‘ra, mazkur qoyatosh suratlari bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davr bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, Zomin va Sharof Rashidov tumanlaridan aniqlangan yangi arxeologik ob’ektlar Jizzax vohasi va Turkiston tizmasining qadimgi tarixini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular orqali hududdagi qadimgi jamoalarning yashash tarzi, tarqalishi va madaniy jarayonlari haqida yangi ma’lumotlar olish mumkin.
Kelgusida mazkur yodgorliklarda keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish, topilmalarni davrlashtirish, ularni ilmiy hujjatlashtirish va tarixiy-madaniy ahamiyatini chuqur o‘rganish rejalashtirilgan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA