Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Isroilni musobaqalardan chetlatish bo‘yicha federatsiyalarga berilgan tavsiyani rad etdi, deb yozdi “Inside The Games” EFE axborot agentligiga tayanib.
Avvalroq Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches G‘azo sektoridagi mojaro tufayli Isroilni xalqaro musobaqalardan chetlatishga chaqirgandi. O‘tgan dushanba kuni rasmiy Isroilga qarshi cheklov choralari to‘plamini e’lon qildi.
— Isroil va Falastin Milliy olimpiya qo‘mitalari XOQ tomonidan tan olingan va teng huquqqa ega, — deyilgan XOQ ayni masala yuzasidan e’lon qilgan munosabatda. — Har ikki tuzilma Olimpiya Xartiyasiga amal qiladi. Biz mojaroning sportchilarga ta’sirini yumshatish uchun tomonlar bilan ishlashda davom etamiz.
2022 yil fevral oyi oxirida Ukrainadagi vaziyat tufayli XOQ xalqaro sport federatsiyalariga ehtiyot chorasi sifatida rossiyalik va belaruslik sportchilar musobaqalarda qatnashishini taqiqlash bo‘yicha tavsiya bergan. 2023 yil mart oyida qo‘mita RF maxsus harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlamagan rossiyalik sportchilar bahslarda betaraf maqomda ishtirok etishiga ruxsat berish to‘g‘risida tavsiyanoma chiqardi. Shu bilan birga tashkilot Qurolli kuchlar va xavfsizlik idoralariga aloqador sportchilar, shuningdek, terma jamoalarni o‘yinlarga kiritmaslikni taklif qilgan.
S.Rahimov, O‘zA