Qatar “Volkswagen” va Isroil harbiy hamkorligini inkor etdi
Germaniyaning “Bild” nashri xabariga ko‘ra, “Volkswagen” konsernining uchinchi yirik aksiyadori – Qatar suveren jamg‘armasi Osnabryukdagi zavodda Isroilning “Rafael” mudofaa shirkati uchun harbiy aslaha va raketa bo‘laklari ishlab chiqarish rejasini rad etdi va hamkorlikni to‘xtatdi.
Avvalroq ushbu mashhur avtomobil konserni rahbari Oliver Blyume 2027-yildan zavodda yengil mashina chiqarilishi to‘xtatilishi, korxonani harbiy sohaga moslashtirish bo‘yicha muzokara olib borilayotganini tasdiqlagan edi. Binobarin, tashabbus Germaniyaning o‘zidayoq keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Konsern ishchilari, tinchlikparvar tashkilotlar va muxolifat vakillari “Volkswagen” faqat tinchlik maqsadida mahsulot yaratishi lozimligini talab qilishdi. Ayniqsa, Germaniyaning “So‘llar” partiyasi Isroil hukumatining Yaqin Sharqdagi harbiy harakati hamda G‘azodagi inqiroz sabab, bunday hamkorlikni mutlaqo qabul qilib bo‘lmas qadam, deb atadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA