Xonadonlarni maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlash tartibi belgilandi
2026-yil 17-apreldagi 180-son Hukumat qarori bilan “Turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli operator tomonidan ko‘rsatiladi.
Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.
Vakolatli operator ariza kelib tushgan kuni ma’lumotlarni “E-gaz” dasturida shakllantiradi. Bir ish kunida so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshiradi.
3 ish kunida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan ta’minlash masalasi joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda o‘rganish yakunlari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomada keltirilgan xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirda, ariza beruvchi bilan “Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish to‘g‘risida” va “Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish to‘g‘risida”gi shartnomalar 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Shartnomalar asosida ariza beruvchi “Facye ID” tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan ta’minlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.
O‘zA