Xonadonlarga gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazilmoqda
Buxoro viloyatining 280 ta mahallasida suyultirilgan gaz iste’molchilari yashaydi. Ularning gaz ballonlari bilan ta’minlanishi ta’minot xodimlari tomonidan belgilangan rejaga muvofiq har kuni amalga oshiriladi.
Havo harorati tushib ketgan, issiqlik inson joniga oro berar ayni damda ta’minot xodimlari uchun aholining farovonligi asosiy maqsadlardan biridir. Peshku tumanining “Bog‘imuso” mahallasida bo‘lgan soha vakillari 100 ga yaqin xonadon egalariga maishiy gaz ballonlarini tarqatdi. Quvonarlisi, gaz ballonlarini tarqatish davomida xavfsizlikka rioya etish hamda gaz ballonidan to‘g‘ri foydalanish maqsadida tushuntirishlar berildi.

– Bayram kunlarida ham barcha xodimlar o‘z ishini davom ettirdi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Bobirjon Mamedov. – Gaz to‘ldirish shoxobchalari ham ishladi. Kun davomida 19 ta mahallada istiqomat qiluvchi suyultirilgan gaz iste’molchilariga 40 tonnaga yaqin gaz tarqatildi. To‘lovlar maxsus kartalarda amalga oshirildi.
– Dam olish kuni bo‘lishiga qaramay gazchilar o‘z vaqtida gaz ballonlarimizni yetkazib berishdi, – deydi bog‘imusolik Manzura Ergashova. – Ko‘cha juda sovuq bo‘lishiga qaramay, ular o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashmoqda. Issiqqina ovqatimizni vaqtida pishiryapmiz.

Bugun tizim xodimlari mehnatini chin ma’noda sharaf desak arziydi. To‘g‘ri, muammolar yo‘q emas. Lekin fidoyilar shu kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda xonadonlarga iliqlik olib kirish uchun kun-u tun doimo harakatda. Kunning 24 soati davomida havo harorati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar xonadonlarda “zangori” olovning yonib turishi bu soha xodimlarining mehnati samarasidir.

Zarif Komilov, O‘zA