Xonadonbay targ‘ibot ishlari amalga oshirildi
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Nukus shahridagi “Allaniyoz Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari tashkil etildi.
Tadbir avvalida mahalla raisi bilan uchrashuv o‘tkazilib, mahallada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy ishlar, obodonlashtirish tadbirlari, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, “mahalla yettiligi” faoliyatining bugungi holati muhokama qilindi. Suhbat davomida mahalladagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, aholini qiynayotgan masalalarni tizimli hal etish hamda fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbatlar chog‘ida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanayotgani, mustaqillik yillarida yurtimizda erishilgan ulkan yutuqlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, tinchlik va barqarorlikning ahamiyati hamda Vatan taraqqiyotiga har bir fuqaroning daxldorligi haqida ham atroflicha tushunchalar berildi. Shuningdek, fuqarolar mamlakatimizning eng ulug‘ va eng aziz bayramini munosib kutib olish, mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol ishtirok etish, ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga chaqirildi.
Bunday xonadonbay targ‘ibot tadbirlari aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning fikr va takliflarini o‘rganish, ularda Vatan taqdiriga daxldorlik hissini mustahkamlash hamda mustaqillik g‘oyalari va vatanparvarlik qadriyatlarini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri