Xonadonbay ishlash — farovonlik sari qadam
Mahalladagi umumiy ko‘rsatkichlar ortida turli ehtiyoj, imkoniyat va muammolarga ega bo‘lgan xonadonlar turadi. Shu bois muammoni umumiy emas, balki har bir oila kesimida o‘rganish va unga mos yechim belgilash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda "Adolat" SDP hududiy Kengashlari tomonidan mahallalarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, muammolar o‘rganilmoqda.
Ayni shu yondashuv asosida partiyaning Yuqori Chirchiq tumani Kengashi raisi I.Alashbayev boshchiligida, tuman Nuroniylar jamg‘armasi vakillari ishtirokida “Mirobod”, “Fayzobod”, “Xvan T.G.” va “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida xonadonbay o‘rganish ishlari olib borildi. Jarayonda xonadonlarga borilib, oilalarning turmush sharoiti, mehnat bilan bandligi, daromad manbalari, mavjud imkoniyatlari hamda ularni qiynayotgan muammolar bevosita joyida o‘rganildi. Fuqarolar bilan ochiq muloqot qilinib, ularning ehtiyoj va takliflari tinglandi.

Mutaxassislar ishtirokida fuqarolarning bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy takliflar mas’ullar bilan birgalikda muhokama qilindi.
Ayniqsa, xonadonlarda mavjud mehnat salohiyatini ishga solish, fuqarolarning daromad keltiruvchi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va aniq ehtiyojlardan kelib chiqib amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga e’tibor qaratildi. O‘rganish yakunida aniqlangan masalalar bo‘yicha mas’ullar bilan fikr almashilib, ularni bartaraf etish, fuqarolarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
E’tiborlisi, xonadonbay ishlashning samarasi muammolarni aniqlashning o‘zi bilan emas, balki ular bo‘yicha keyingi amaliy harakatlar bilan belgilanadi. Shu jihatdan bunday o‘rganishlar aholi bilan muloqotni kuchaytirish, mavjud imkoniyatlarni aniqlash va har bir oila uchun maqbul yechimlarni belgilashga xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA