Tokio biznes forumi: Özbekiston va Yaponiya örtasidagi amaliy hamkorlik yangi bosqiçga kötarilmoqda (+video)
Yaqinda Tokio şahrida Özbekistonning Yaponiyadagi elçixonasi va Toşkent viloyati hokimligi hamkorligida “Toşkent viloyati hududining iqtisodiy salohiyati va investitsiya imkoniyatlari” mavzusida biznes forum ötkazildi.
Tadbir Özbekiston va Yaponiya işbilarmon doiralari örtasidagi töğridan-töğri muloqotni kengaytiriş, istiqbolli investitsiya loyihalarini taqdim etiş hamda yangi şeriklik aloqalarini yölga qöyiş uçun muhim maydon böldi.

Forumda 200 dan ziyod yapon kompaniyasi va taşkiloti vakillari qatnaşdi. Ular orasida kunçiqar yurt vazirliklari, parlament va mahalliy kengaşlar aʼzolari, moliyaviy institutlar, oliy taʼlim muassasalari hamda “Mitsubishi Corporation”, “Chiyoda Corporation”, “Yokogawa Electric”, “Meiji Seika Pharma” kabi yetakçi kompaniyalar rahbarlari bor.
Anjuman avvalida Toşkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev Özbekiston va Yaponiya örtasidagi munosabatlar oliy darajadagi işonçli muloqot asosida izçil rivojlanayotganini taʼkidladi. Davlatimiz rahbarining 2025-yil dekabrda Yaponiyaga amalga oşirgan taşrifi strategik şeriklikni mustahkamlab, iqtisodiy hamkorlik uçun yangi imkoniyatlar oçdi.

Forumda keltirilgan maʼlumotlarga köra, bugungi kunda Özbekistonda 170 dan ortiq Yaponiya kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Yapon hamkorlari iştirokidagi investitsiya portfelining umumiy hajmi 12 milliard dollardan oşgan.
Toşkent viloyatining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bağişlangan taqdimotda farmatsevtika, töqimaçilik, kimyo, toğ-kon sanoati, quriliş materiallari, elektrotexnika, agrosanoat va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi aniq takliflar ilgari surildi. Viloyatda umumiy qiymati 20 milliard dollardan ortiq bölgan 70 ga yaqin yirik investitsiya loyihasi şakllantirilgani maʼlum qilindi.
Forum doirasida taşkil etilgan B2B uçraşuvlarida maşinasozlik, energetika va ekologiya, farmatsevtika va tibbiyot, mebel sanoati, kadrlar tayyorlaş hamda Nurafşon şahrida “Smart City” loyihasini amalga oşiriş istiqbollari muhokama qilindi.

Toşkent viloyati delegatsiyasining Yaponiyaga taşrifi davomida hamkorlikning aniq yönalişlari böyiça muzokaralar ham ötkazildi. Xususan, zamonaviy şişa işlab çiqariş korxonasini taşkil etiş, özbekistonlik mutaxassislarni Yaponiyada stajirovkadan ötkaziş, “Japan Plaza” loyihasini amalga oşiriş, yapon brendlarini hududga jalb etiş hamda yoşlarni kasbiy tayyorlaş masalalari körib çiqildi.
Ayçi prefekturasi gubernatori Xideaki Omura bilan uçraşuvda hududlararo aloqalarni rivojlantiriş, sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirişga kelişib olindi. Nagoya şahridagi davra suhbati esa Toşkent viloyati va Yaponiyaning siyosiy hamda işbilarmon doiralari örtasida yangi muloqotlarga zamin yaratdi.
Özbekiston – Yaponiya iqtisodiy hamkorligining yangi yönalişlari va investorlar fikri örin olgan maxsus reportajni ÖzAning “YouTube” tarmoğida tomoşa qiling.
Behruz Xudoyberdiyev,
Yoqub Meliboyev (videomuhandis),
ÖzA
Tokio, Yaponiya