Xodimning ish haqi MIB orqali undirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2026-yil 1-iyul kungi qaroriga asosan “Taxiatosh neft bazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati Ellikqal’a filialining yoqilg‘i moylash materiallari bo‘yicha muhandisi lavozimida ishlab, noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan S.R.ni o‘z ishiga qayta tiklash va uning oylik ish haqlarini undirish belgilangan.
Shunga qaramay, jamiyat tomonidan ushbu sud qarorlari ijrosi ta’minlanmagan va ishchining ish haqlari to‘lab berilmagan. Da’vogar sud qaroriga asosan chiqarilgan ijro varaqaning ijrosini ta’minlab berishni so‘rab, Majburiy ijro byurosi Taxiatosh tuman bo‘limiga topshirgan va bo‘lim tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilib, ijro harakatiga kirishilgan.
Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan javobgar muassasa bosh hisobchisiga ijro hujjati ijrosi 15 kunlik muddat ichida ta’minlanishi lozimligi, ijrosini ta’minlamaslik javobgarlikka tortishga va majburiy ijro harakatlariga kirishishga asos bo‘lishi haqida bir necha marotaba ogohlantirildi. Shuningdek, tashkilotning asosiy bank hisob raqamlari elektron inkasso topshiriqnomasi orqali xatlovga olindi.
Natijada, xodimning 25 million so‘mdan ortiq ish haqi to‘liq undirilib, avvalgi lavozimiga qayta ishga joylashtirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri