Xitoy seleksiyasiga mansub g‘o‘za navlari mahalliy sharoitda ko‘paytirilmoqda
Urug‘chilikni rivojlantirish markazi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimizga Xitoy seleksiyasiga mansub "MG–02" va "MG–26" g‘o‘za navlarining urug‘lik materiali olib kelinib, ularning yuqori avlodli urug‘liklarini mahalliy sharoitda tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi dalalarda ushbu navlarning vegetatsiya jarayoni kuzatildi. O‘rganishlar davomida mazkur navlar boshqa xorijiy navlarga nisbatan ko‘saklarining yirikligi hamda ko‘saklar sonining ko‘pligi bilan ajralib turayotgani qayd etildi.
Urug‘chilikni rivojlantirish markazi bo‘lim boshlig‘i Ilhomjon Egamberdiyev ta’kidlashicha, "MG–02" va "MG–26" navlari yuqori hosildorlik salohiyati hamda sifatli urug‘lik tayyorlash imkoniyati bilan ahamiyatli. Ayni paytda ushbu navlar kelgusida respublikaning turli hududlarida sifatli urug‘lik bazasini shakllantirish maqsadida ko‘paytirilib, ularning agrotexnik xususiyatlari va mahalliy iqlim sharoitiga moslashuvi muntazam nazorat qilib borilmoqda.
G.Boboyeva,
O‘zA