Xitoydan keltirilgan bug‘doy navi yetishtirildi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani “Tayqir” mahalla fuqarolar yig‘inida “JV YINONG SEED TECHNOLOGY” mas’uliyati cheklangan jamiyatning faoliyat ko‘rsatayotganiga ko‘p bo‘lmadi. Asosan qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashgan holda paxtachilik va g‘allachilik tarmoqlarida seleksiya va urug‘chilik ishlari olib borayotgan O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan o‘tgan yil kuzda tajriba tariqasida 60 gektar yerga Xitoydan keltirilgan “GLUTEN-1” bug‘doy navi ekib yetishtirilgan.
– Mahalliy sharoitda bu urug‘ cho‘l massivida, to‘liq yangidan o‘zlashtirilgan qo‘riq yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida ekib, agrotexnik talablarga muvofiq hosil yetishtirildi, – deydi “JV YINONG SEED TECHNOLOGY” MCHJ rahbari Islom Shukrullayev. – Hosil kutilganidan ham ziyod bo‘ldi. Har gektar hosildorligi 106 sentnerni, ya’ni 10 tonnadan oshiqni tashkil etdi. E’tiborlisi, yaqin yillarda chetdan olib kelinadigan import bug‘doy o‘rnini bosishi kutilayotgan bug‘doy o‘rim-yig‘imidan so‘ng, g‘alladan bo‘shagan maydonda 15 iyun kunigacha takroriy hosil o‘rnida Xitoydan keltirilgan chigitni ekib yetishtirish mumkin bo‘ladi. Kelgusi yil hosili uchun Qorako‘l va Olot tumanlarida noyabr oyida 800 gektar yerda Xitoy naviga mansub bug‘doy ekishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Qorako‘l va Olot tumanlarida Xitoyning “Zhongmian-88”, “Yinong-6” navlariga mansub ertapishar paxta chigitlarini ekib, ko‘paytirish tajribasi sinovdan o‘tkazilmoqda. Hozirda xorijdan urug‘likni qayta ishlash, saralash va dorilash texnologiyasi keltirilgan bo‘lib, bu jarayonda ham ishni barqaror tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.


Ayni paytda “JV YINONG SEED TECHNOLOGY” MCHJ ta’sischisi “Merganteks” ko‘p tarmoqli paxta-to‘qimachilik klasteri bilan hamkorlikda tajriba-sinov tariqasida Xitoyning “Quanging” naviga mansub bug‘doyni ham ekib yetishtirmoqda. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, nisbatan kam mehnat va mineral o‘g‘it talab qiladigan bu navning o‘sish davri 246 kunga teng bo‘lib, bo‘yi 70 santimetrga yetadi. Boshoq soni, hosil qilinadigan don bo‘liqligi, mag‘zi, vazni, oqsili kabi boshqa asosiy sifat ko‘rsatkichlariga ega.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.