Xavi Braziliya terma jamoasini boshqarishga qarshi emasligini aytdi
Ispaniyalik mutaxassis 2024-yilning may oyida «Barselona»dan bo‘shatilganidan beri ishsiz bo‘lib turibdi.
«Barselona» sobiq murabbiyi Xavi Ernandes kelajakda qaysi jamoani boshqarishi mumkinligi haqida gapirdi.
Ispaniyalik mutaxassis 2024-yilning may oyida «Barselona»dan bo‘shatilganidan beri ishsiz bo‘lib turibdi. O‘shandan buyon mutaxassisning ismi turli klublar bilan bog‘lanib kelindi, biroq ish aniq taklif darajasiga yetib bormadi. Mashhur sobiq futbolchi Romarioga bergan intervyusida Xavi bir kun kelib Braziliya terma jamoasida ishlashga qarshi emasligini tan oldi.
«Braziliya terma jamoasidagi faoliyat? Albatta, nega endi yo‘q? Braziliya — futbol beshigi», — deya ta’kidladi Xavi.
Ayni damda «pentakampeonlar»ni Karlo Anchelotti boshqarmoqda. Taxminlarga ko‘ra, italiyalik mutaxassis jahon chempionatidagi natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z lavozimini saqlab qoladi.