Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xavfsiz hudud – dolzarb 90 kunlik” tezkor profilaktik tadbiri boshlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan hududlarda vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Beruniy tumanidagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqqan holda,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning respublika boshqarmasidan qo‘shimcha ravishda 60 nafar xodim safarbar etildi.

Dastlab, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya respublika boshqarmasi rahbarlari tomonidan qo‘shma qaror qabul qilindi. Shu bilan birga, “Xavfsiz hudud-dolzarb 90 kunlik” keng qamrovli kompleks tezkor profilaktik tadbiri e’lon qilindi.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish mexanizmi sifatida haftaning har bir kuni bitta yo‘nalish bilan shug‘ullanishga bag‘ishlangan Dastur tasdiqlandi. Unga ko‘ra, ishsiz, giyohvand, ichkilikka ruju qo‘ygan,  ruhiy kasal, muqaddam sudlangan, profilaktik va ma’muriy nazoratga olingan hamda jinoyat sodir etishga moyil 7 ming 835 nafar shaxs xatlovdan o‘tkazildi.

Natijada muqaddam sudlangan 103 nafar va ichkilikka ruju qo‘ygan 35 nafar shaxsning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, muqaddam sudlangan 15 nafar, profilaktik hisobdagi 71 nafar shaxs ambulator va statsionar davolanishga yuborildi. Profilaktik va ma’muriy nazoratdagi shaxslar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilib, “qizil” toifadagi 139 nafar shaxs bilan alohida yondashuv asosida ishlar olib borildi.

Shuningdek, qo‘shma qarorda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilib, tanqidiy muhokama qilindi. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 5 nafar shaxsning intizomiy javobgarlik masalasi hal qilindi. Bu boradagi chora-tadbirlar respublika bo‘ylab davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri