Joriy yilning birinchi choragida Samarqand viloyatidagi to‘rt sektorning har birida bittadan mahallada “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish belgilangan.
Jumladan, viloyat prokurori boshchiligidagi 2-sektorga kiruvchi Payariq tumanidagi Xalqobod mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
3400 dan ortiq aholi istiqomat qilayotgan mahallada keyingi paytda infratuzilma, kommunal xizmatlar, tomorqadan samarali foydalanish va aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar to‘planib qolgandi. Dasturning amalga oshirilishi esa bu muammolarni bir vaqtda hal qilish imkonini beradi.
– Mahallamizdagi transformatorlar, simyog‘ochlar ma’nan eskirgan, keyingi o‘n yilda uy qurib ko‘chib o‘tganlar ko‘chasiga o‘zlari yog‘ochli ustunlar o‘rnatib, sim tortishga majbur bo‘lgan edi, – deydi Bahrom Norjigitov. – Elektr ta’minoti ham shunga yarasha, sifatsiz edi. Dasturning amalga oshirilishi bilan birinchi navbatda shu muammolarimiz hal bo‘lmoqda. Yaroqsiz simyog‘ochlar yangi temirbeton ustunlarga almashtirilmoqda, yangilari qo‘yilmoqda. 650 metr SIP kabel tortilib, 160 kVt.li bir dona qo‘shimcha transformator o‘rnatish rejalashtirilgan. Mavjud transformatorlar esa ta’mirlanadi. Mahalladagi ichki yo‘llar ham ta’mirtalab holatga kelib qolgandi. Hozir mahallamiz ko‘chalarining bor-yo‘g‘i 30 foizi asfaltlangan, tosh yotqizilganlarida ham qish kunlarida harakatlanish qiyin. Dastur doirasida 6,3 kilometr yo‘llarni ta’mirlash, 2,1 kilometr yo‘lga tosh-shag‘al yotqizish, 1,8 kilometr piyodalar yo‘lagi qurish ko‘zda tutilgan. Shu paytgacha mahallada internet tarmog‘iga ulanish muammo edi. Endilikda 5 kilometr masofaga internet tarmog‘i tortilsa, bu masalaga ham yechim topiladi. Markaziy ko‘chalarda 70 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi, shuningdek, chiqindi konteynerlari qo‘yiladi.
[gallery-21685]
Bu ishlar bilan birga mahalladagi 725 ta xonadonni ta’mirlash rejalashtirilib, buning uchun aholiga zarur tavsiya va loyihalar berilgan. Ehtiyojmand, kambag‘al oilalar xonadonlari esa homiylar tomonidan ta’mirlanadi.
Mahallada bitta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, bitta maktab va politexnikum bor. Dasturni amalga oshirish jarayonida bu muassasalarda mavjud muammolar ham hal etiladi. Jumladan, 72-umumiy o‘rta ta’lim maktabi atrofini 400 metr devor bilan o‘rash, faollar zaliga 80 dona o‘rindiq o‘rnatish va boshqa jihozlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan. 3-son texnikumning issiqlik tizimi va sport zali poli yangilanadi. 38-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti atrofi ham devor bilan o‘ralib, hojatxona, omborxona va ko‘mirxona quriladi.
Bundan tashqari, o‘tgan yili hashar yo‘li bilan qurilishi boshlangan mahalla binosi hamda “Nuroniylar maskani”da bunyodkorlik ishlari yakuniga yetkazilib, Navro‘z bayramiga qadar foydalanishga topshiriladi.
Xalqobodliklarning asosiy daromad manbai dehqonchilik va chorvachilikdan. Lekin mahallada hamma ham bu imkoniyatdan foydalanyapti, deb bo‘lmaydi. Shu sababli ayni paytda mahallada 59 ta kambag‘al oila ro‘yxatga olinib, rahbarlar biriktirilgan. Mas’ullar “mahalla yettiligi” bilan birga har bir oilaning ahvolini o‘rganib, mavjud imkoniyatlarini hisobga olgan holda kambag‘allikdan chiqarish va daromadli ishga yo‘naltirish choralarini ko‘rmoqda. Bunda, albatta, birinchi navbatda tomorqadan samarali foydalanishga e’tibor qaratilib, tomorqa va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish, aholining bu boradagi bilim va ko‘nikmasini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, yaqinda mahallada tuman hokimligi va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida aholining tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanishini tashkil etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Unda shu mahallada yashovchi Akmal Berdiyevning o‘z hovlisida issiqxona tashkil etib, yerdan samarali foydalangan holda mo‘may daromad olayotgani misolida tomorqa imkoniyatlari ko‘rsatib berildi.
A.Berdiyev ilgari pul topish uchun xorijga borib-kelardi. Ikki yil oldin mahalla tavsiyasi bilan imtiyozli kredit olib, issiqxona tashkil etdi. Dastlabki yillardanoq bu ishni puxta o‘zlashtirib, yaxshigina daromad qila boshladi. Hozir uning issiqxonalari maydoni 10 sotixdan oshgan. Asosan bodring va pomidor yetishtirib, sotayotgan tomorqachi yil yakunigacha kreditini qoplab, sof foydaga chiqishini ma’lum qildi.
Akmal Berdiyev issiqxonadan foydalanishni qo‘shnilariga ham o‘rgatmoqda. Endi u qishloqdoshlariga bu masalada asosiy maslahatchi, ko‘makchi bo‘ladi.
Xalqobodni obod qilish jarayonida qurilish, obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda aholi turmush madaniyatini oshirish, salomatligini mustahkamlash, xonadonlarda ozoda va sarishtalik, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ibratli oilalar, faol nuroniylar, “Oqila ayollar” harakati a’zolari tomonidan uyma-uy yurish tizimi asosida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ayniqsa, profilaktik hisobda turgan oilalar va shaxslar, muqaddam sudlanganlar, ajrim yoqasida turgan va nizoli oilalar bilan alohida tarzda shug‘ullanilmoqda.
Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan yaqinda viloyatdagi tibbiy markazlar mutaxassislari bilan hamkorlikda dastlabki tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Ko‘rik davomida kasallik aniqlangan bemorlarni tuman va viloyat shifoxonalarida davolash choralari ko‘rilmoqda, fuqarolarga zarur tavsiyalar berildi.
Xonadonbay o‘rganish davomida mahallada ishlash istagida bo‘lgan 56 nafar ishsiz fuqaro aniqlanib, ular tumandagi bo‘sh ish o‘rinlari mavjud korxona va tashkilotlarga yo‘naltirilmoqda. 16 nafar fuqaro esa vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishiga joylashtirildi. Bundan tashqari, hududda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Xalqobodda bo‘lgan kishi hududda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari ustidan chiqadi. Bu ishlar odamlar turmush tarzi, kayfiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari