Xalqaro stol tennisi federatsiyasi prezidenti Toshkentga keldi
Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida stol tennisi bo‘yicha nufuzli “WTT Youth Contender” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda.
Bugun, 15-may kuni mazkur nufuzli sport musobaqasi hamda uning doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun yurtimizga Xalqaro stol tennisi federatsiyasi (ITTF) prezidenti Petra Suorling xonim boshchiligidagi delegatsiya yetib keldi.

Martabali mehmonlarni poytaxt aeroportida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Kecha o‘tkazilgan “WTT Youth Contender” xalqaro turnirining shiddatli bahslari mamlakatimiz stol tennischilari uchun har jihatdan omadli kechdi.

Musobaqaning U13 o‘g‘il bolalar o‘yinida terma jamoamiz a’zolari 14 taga yaqin mamlakat vakillarini dog‘da qoldirdi. Iqtidorli stol tennischilarimizdan Husayn Iskandarov oltin, Amir Shiriyev kumush, Lochinbek Abduxalilov bronza medalini qo‘lga kiritgani o‘ziga xos shov-shuvni keltirib chiqarishi bilan birga, yurtimizda ushbu sport turida yangi iste’dodlar kamolga yetayotganini ko‘rsatdi.
20 ta davlatning turli yosh toifalaridagi mahoratli raketka ustalari ishtirokida o‘tayotgan xalqaro turnir musobaqalari 16-martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA