Stol tennisi: Toshkent Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi
Bugun, 12-oktabr kuni stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Qirg‘iziston terma jamoasi a’zolari bilan hamkorlikdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga kirishdi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini joriy yil 19-25-oktabr kunlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da stol tennisi bo‘yicha o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi hisoblanadi.
Aytish lozimki, stol tennisi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi qit’a birinchiligi O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilmoqda.

Ayni kunlarda mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada tashkil etish, ishtirokchi jamoalarni kutib olish, musobaqa va mashg‘ulot maydonlarini hozirlash borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi xabariga ko‘ra, Toshkent sport maydonlarida o‘tadigan chempionatda 33 mamlakatdan 255 nafar stol tennisi ustalari ishtirok etish talabnomalarini taqdim etgan.
Musobaqa dasturiga muvofiq, bellashuvlar yakkalik, juftlik, aralash juftlik va jamoaviy dasturlarda bo‘lib o‘tadi. Birinchilikning jamoaviy bahslarida sovrinli o‘rinlarni egallagan jamoalar kelasi yili Qozog‘istonda tashkil etiladigan jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar a’zosi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA