“Xalqaro o‘rmonlar kuni”ga bag‘ishlangan forum (+video)
“Xalqaro o‘rmonlar kuni” munosabati bilan Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida “Barqaror “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi muloqot: umumiy kelajak uchun investitsiyalar” mavzusida Xalqaro forum tashkil etildi.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi. Ta’kidlandiki, bugungi kunda har daqiqada 9 kvadrat metr tuproq degradatsiyaga uchramoqda. Ushbu muammoni bartaraf etishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, davlatimiz tomonidan iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, cho‘llanishga qarshi tizimli kurashish, yangi o‘rmonlar barpo etish va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda xalqaro ekspertlar, Ekologiya qo‘mitasi va O‘rmon agentligi mas’ullari, tizim tashkilotlari va hududiy o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, forumda BMTning o‘rmonlar bo‘yicha Forumi raisi Ismail Belen, Forum kotibiyati direktori Juliyetta Biao va FAOning O‘rmonchilik bo‘limi direktori Ji Min Vu nutq so‘zladi. Mehmonlar butun dunyoda bo‘layotgani kabi O‘zbekistonda ham davlat rahbarining bevosita e’tibori bilan ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashillik darajasini oshirish, o‘rmonlar hududini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
-Barchamizga ma’lumki, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, unda 1.5 mln gektar o‘rmonzorlar barpo etish va qayta tiklash ishlarini amalga oshirish belgilangan, - deydi Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi bo‘lim boshlig‘i Zafar Eshonqulov. – Shu jumladan tog‘oldi, to‘qay va cho‘l hududlarimiz bor. Cho‘l hududlarimiz respublikamiz bo‘yicha 80% dan oshiqni tashkil etadi.
Bizni Markaziy Osiyoda nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston, Turmaniston davlatlarida ham cho‘l hududlari bor. O‘sha joylarda tuproq iqlim sharoitiga mos bo‘lgan daraxtlarni tanlab, o‘rmonzorlar tashkil qilish maqsad qilingan. Saksovul, Cherkes, Qandim, yana olimlarning ilmiy-tadqiqot mahsuli bo‘lgan Qoraburoq o‘simliklari borki ular hozirda cho‘l o‘rmonzorlarining asosiy qismini tashkil qilmoqda.
Shundan so‘ng o‘rmon xo‘jaligi yo‘nalishida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh soha vakillari “O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi fidoyisi” va “Rossiya o‘rmonlarni muhofaza qilish markazining 85 yilligi” yubiley medallari bilan taqdirlandi.
Kunning ikkinchi yarmida forum ishtirokchilari poytaxtimizni Toshkent viloyati bilan bog‘lovchi hududda yangidan barpo etilayotgan “Dendrologiya bog‘i” bilan tanishishdi. Bog‘ning umumiy maydoni 77 gektar bo‘lib, bu yerda poytaxtliklar va shahar mehmonlari uchun yaratiladigan shart-sharoitlar barchada iliq taassurot uyg‘otdi. Shu kuni mehmonlar bog‘ hududiga esdalik uchun manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mfJHxgTx92Y" title="“Xalqaro o‘rmonlar kuni”ga bag‘ishlangan forum" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA