Xalqaro hamkorlik yangi loyihalarning muhim tayanchi
Bugun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda moliyaviy barqarorlik muhim omillardan biri hisoblanadi. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning yetakchi xorijiy banklar bilan yo‘lga qo‘ygan uzoq muddatli hamkorligi esa korxonaning xalqaro moliya bozoridagi imkoniyatlari tobora kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarining yirik moliya institutlaridan biri — Abu Dhabi Commercial Bank PJSC (ADCB) vakillaridan iborat delegatsiya “Olmaliq KMK” AJda bo‘ldi.
Tashrif doirasida kombinat rahbariyati va bank vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, tashqi moliyaviy resurslarni jalb etish imkoniyatlari hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarning amaliy qismida mehmonlar kombinatning asosiy ishlab chiqarish ob’ektlari bilan tanishdi. Ularga Qalmoqqir konidagi ish jarayonlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik jarayonlar ko‘rsatildi. Shuningdek, delegatsiya “Olmaliq KMK”ning yirik investitsiya loyihalaridan biri — 3-Mis boyitish fabrikasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik yechimlar haqida ma’lumot berildi.

ADCB kompaniyasi bir necha yillardan buyon “Olmaliq KMK”ning xorijiy moliyaviy hamkorlaridan biri sifatida kombinatning yirik loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, bank qator sindikatlangan kredit bitimlari doirasida hamkorlik qilgan.

Bunday uzoq muddatli hamkorlik kombinatning xalqaro moliya institutlari bilan samarali munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirayotgani bilan ahamiyatli. Ayni paytda korxona oldida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar turibdi.
Bu jarayonda yetakchi xorijiy banklar bilan yo‘lga qo‘yilgan ishonchli moliyaviy hamkorlik yirik loyihalarni amalga oshirish uchun muhim resurs manbalaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Musayev,O‘zA