Xalq ta’limi vazirligi maktab bitiruvchilari va o‘qituvchilar uchun dunyoning eng yetakchi oliy ta’lim muassasalarida bepul ta’lim olish masalalari yuzasidan Ochiq muloqot tashkil qildi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli ta’lim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida ta’lim olish imkoniyatini maktab bitiruvchilari hamda o‘qituvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda “Ochiq muloqot” tashkil qildi.
Unda maktab bitiruvchilari uchun taqdim etilayotgan bakalavriat ta’lim dasturi uchun 100 nafar, o‘qituvchilar uchun 50 tadan magistratura hamda doktorantura ta’lim dasturi uchun ajratilayotgan stipendiyalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etish lozimki g‘olib stipendiatlarning o‘qishi, xorijiy davlatda yashashi, xalqaro va ichki transport, sug‘urta, viza va adabiyotlar xarid qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlari to‘liq moliyalashtiriladi.
Stipendiatlar xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli tahsil olib qaytgach, ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligining Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi.