Xalq taʼlimi tizimida yangi jamgʻarma
Prezidentimizning 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori maktab taʼlimida yangi istiqbollar ochishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori maktab taʼlimida yangi istiqbollar ochishga xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan 2018-2021 yillarga moʻljallangan Xalq taʼlimi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbiri dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2018 yil 29 sentyabr kuni Oʻzbekistonda ilk bor “Kraudfanding” (xalq tomonidan moliyalash) birinchi platformasi Mfond.uz ishga tushirildi.
Maktab xayriya jamgʻarmasi – Mfond.uz taqdimotiga bagʻishlab Yoshlar press-klubida tashkil etilgan tadbirda turli vazirlik va idoralar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi. Ushbu platforma orqali jamlangan mablagʻlar taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kam taʼminlangan oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlash va isteʼdodli oʻquvchilarni ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Platforma maktab rahbarlari uchun oʻquv muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun homiylik mablagʻlarini jalb qilishga qaratilgan oʻziga xos vosita boʻlib, bu mablagʻlarni ishlatishda ochiqlik va hisobdorlikni taʼminlashga alohida eʼtibor beriladi.
Mfond.uz homiylik platformasi orqali homiylar, ota-onalar, chet elda yashovchi vatandoshlarimiz, jumladan, maktabning sobiq oʻquvchilari maktablarga homiylik qilishi mumkin. Mablagʻlarni Payme, Upay, Click mahalliy va xalqaro Visa, MasterCard va boshqa xalqaro toʻlov tizimlari orqali oʻtkazish uchun qulayliklar yaratilgan.
Taʼkidlash kerakki, homiylar mablagʻlarni maʼlum bir maktab hisobiga yoki umumiy jamgʻarma hisobiga oʻtkazib berishi mumkin.
Jamgʻarma hisobidan laboratoriyalar, “Aqlli sinflar“ va boshqa loyihalar yaratish, jihozlash, maktab infratuzilmasi, qolaversa, oʻquvchilar va oʻqituvchilarning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini amalga oshirish hamda uni rivojlantirish uchun mablagʻlar yoʻnaltiriladi.
Loyiha rahbari Rustam Karimjonovning soʻzlariga koʻra, yurtimizda bugungi kunda 10 mingga yaqin maktab faoliyat yuritmoqda, ulardan 60 foizining moddiy-texnik bazasi yetarli emas. Faqat 37 foiz maktab kompyuter sinfiga ega boʻlib, ularning 7 foizi internet tarmogʻiga ulangan. Hukumatimiz tomonidan maktablar infratuzilmasini yaxshilash uchun mablagʻlar ajratilmoqda. Ammo qisqa vaqt ichida belgilangan maqsadlarga erishish uchun homiylarni jalb qilish lozim boʻladi.
– Kraudfaunding tizimidan foydalangan holda maktablardagi shart-sharoitlarni yaxshilash, farzandlarimizning taʼlim olishi va har tomonlama rivojlanishi uchun qulaylik yaratish bizning asosiy maqsadimizdir, – deydi R.Karimjonov. – Bu loyiha maktablar uchun bir vositadir. Mazkur platforma yordamida mablagʻlarni jalb qilish va sarflashning ochiqligi, hisobdorligi taʼminlanadi. Tizim toʻliq shaffof boʻlib, fond ishining oshkoraligini taʼminlash maqsadida olingan mablagʻlar va ulardan qanday foydalanilgani haqida maʼlumotlar muntazam ravishda berib boriladi.