O‘zbekistonda charm sanoati rivojida Xalq bankining hissa katta. Ayniqsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini kengroq bozorga olib chiqish uchun ajratilayotgan kreditlar korxonalar uchun katta imkoniyat yaratmoqda.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida joylashgan oilaviy korxona – “Bek Bags Business” MCHJ bunga yorqin misoldir. Ayollar, bolalar hamda turli sumkalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona mahsulotlarining sifati, chidamliligi va zamonaviy dizayni tufayli ichki bozorda alohida o‘ringa ega.
Korxonaning ishlab chiqarish quvvati va samaradorligini oshirishga ko‘maklashish maqsadida Xalq banki tomonidan 100 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ korxonaga yangi texnologik uskunalar sotib olish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va mahsulot hajmini oshirish imkonini berdi. Natijada korxona yillik ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirib, hozirda yiliga 250 ming dona charm mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Hozir korxonada 70 nafardan ziyod xodim mehnat qilmoqda. Ular mahsulot tayyorlashning turli bosqichlarida faoliyat ko‘rsatadi. Kelajakda korxona nafaqat ichki bozorga, balki xalqaro bozorlarga chiqishni ham maqsad qilgan. Korxona eksport imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi dizaynlar yaratish va ishlab chiqarish texnologiyalarini xalqaro talabga javob beradigan mahsulotlar tayyorlash ustida izlanmoqda.
– Oldinlari ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanganman, – deydi korxona rahbari Sodiq Bekov. – 2012 yildan boshlab Xitoy davlatidan hozir ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni olib kelib sotardim. Keyinchalik mana shu mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni boshladim. Xitoydan mahsulot olib kelish yillarini eslasam juda ham qiyin edi. Tekshiruvlar haddan ziyod ko‘p edi. Biron bir rahbarni xonasiga kirish uchun haftalab kutardik. Hozir tuman hokimi boshchiligidagi barcha mutasaddilar bizga ko‘mak bermoqda. 2017 yildan biz tadbirkorlarning ko‘kragiga shamol tegdi. Ko‘plab imtiyozlar joriy etildi. Mana shu jarayonlarda biz yangi ish o‘rinlarini yaratishni boshladik.
[gallery-19952]
Ayni kunda qo‘shni davlatlar bilan raqobatlashadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishga erishdik. Xorijga talab ham boshlandi. Ishga olishda “Ustoz-shogird” an’anasi asosida qabul qilamiz. Bugun xodimlarimiz 3 milliondan 5 milliongacha maosh olmoqda. Mahsulotlarimizning sifati ikki baravarga oshdi. Mahalliy bozordan ortgan mahsulotlarimiz chet elga eksport qilinmoqda. Aslida bu mahsulotlar chet eldan valyutada yurtimizga kelgan. Endi esa o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. Ish faoliyatim rivojida Xalq bankining ko‘magi juda katta. Yaqinda 300 ming AQSH dollarida kredit oldik. Kredit evaziga mahsulot turlari, ishchi o‘rinlari ko‘paydi va daromadlarimiz oshdi.
Korxona Xalq bankining charm sanoatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ko‘magi tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Moliyaviy yordam bilan ta’minlangan korxonalar nafaqat o‘zlarini iqtisodiy jihatdan mustahkamlab qolmay, balki milliy iqtisodiyot rivojiga ham hissa qo‘shmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/lx9Lk7bJmdo?si=Bt0XasMlZrVB2v1l" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video+surat),
O‘zA muxbirlari.